Erdo‘g‘an dunyodagi yetakchi davlatlarning barchasida o‘lim jazosi borligini qayd etib o‘tdi
Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘lim jazosi mavjud davlatlarni sanab o‘tdi. Bu haqda Bi-Bi-Si xabar tarqatgan.
U ayni vaqtda qonunchilikka jinoyatchilarga o‘lim jazosini hukm qilish bandini qaytarish bo‘yicha loyiha tayyorlanayotgani, agar fuqarolar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlasa parlament bu loyihani qabul qilinishini e'lon qilgan. U shuningdek, Turkiya demokratik davlat ekanini, xalqning talabini inkor qilib bo‘lmasligini qayd etib o‘tgan.
"Bugungi kunda qaysi davlatda o‘lim jazosi yo‘q? Amerikadami? Rossiyadami? Yoki Xitoydami? Bu qanday davlatlar. Faqat Yevropa Ittifoqidagina o‘lim jazosi yo‘q", degan Erdo‘g‘an.
Bundan oldinroq YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini Turkiyada o‘lim jazosi tiklansa, u Yevroittifoqqa kira olmasligini ma'lum qilgandi.
Turkiya va Yevroittifoq o‘rtasidagi muzokaralar 10 yildan beri davom etmoqda.
16 iyulga o‘tar kechasi harbiylar Turkiyadagi hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga urinib ko‘rdi. Mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa o‘z tarafdorlarini ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. Tongga yaqin Turkiya hukumati mamlakatdagi vaziyat nazorat ostiga olinganini ma'lum qildi. Isyonchilarni qo‘lga olish ishlari davom etmoqda.
Shu vaqtgacha isyonga aloqadorligi gumon qilinib 7500dan ortiq kishi qo‘lga olindi.
To‘qnashuvlar vaqtida halok bo‘lganlar soni 290 nafardan ortgan, 2 mingga yaqin kishi jarohatlangan.