Light | 21:01 / 19.07.2016
16572
3 daqiqa o‘qiladi

Taniqli restoran gidi Mishlen tomonidan tavsiya qilingan birinchi o‘zbek oshxonasi

Eng obro‘li restoran gidi bo‘lmish Michelin Nyu-Yorkning Rockaway plyajida joylashgan Uma’s oshxonasini o‘zining tavsiya qiluvchi eng yaxshi maskanlari ro‘yxatiga qayd etdi. Bu haqida Myday nashri xabar beradi.

Uma’s – Nyu Yorkdagi o‘zbek taomlari restorani bo‘lib, uning egalari Konrad Karl va samarqandlik Umida hisoblanadi. 2013 yilda bu juftlik o‘zining kichik biznesini tashkil qiladi va bu maskan mahalliy aholi va sayyohlar orasida ommalashib boradi.

Michelin qayd etishicha, bu o‘zbek oshxonasining lazzatli ta'mi orqali zavq ulasha oladigan birinchi o‘zbek restoranidir. U avval mazali qatiq bilan tortiq qilinuvchi qaynoqqina mastava sho‘rvasi, baqlajonli salatdan ta'tib ko‘rishni maslahat berdi. Shuningdek, go‘shtli manti va uning vegetariancha talqini – xonimni ham maqtab o‘tdi.

O‘zbek restoranining muhiti nostandart qilib belgilangan. Bino eski devorlar va dizaynerlik jihozlari bilan bezalgan. 

«Umida menyuni o‘zi tuzadi va o‘zbek an'analariga doimo hurmat va ehtirom ila munosabatda bo‘lgan. Men va rafiqam chinakam taomsevarlarmiz» – deya qayd etadi janob Karl.

Umida odamlar orasida Uma degan nom bilan tanilgan va restoranning shef-oshpazi sanaladi. Menyu Osiyoning milliy taomlaridan tashkil topgan. Uning tarkibiga ba'zi rus taomlari ham kiradi. Bu yerda siz birinchi taomlardan palov, kabob va manti tanovul qilishingiz mumkin. Agarda quyuq ovqatlardan ko‘ra suyug‘ini afzal ko‘rsangiz, an'anaviy lag‘mon yoki karam sho‘rva (borshch) tatib ko‘rishingiz mumkin. Desertiga esa paxlava yoki chak-chak buyurtma qilasiz. 

«Men bir xillikdan juda tez charchayman. Bu maskan juda ham ajoyib, menyu esa doimiy tarzda o‘zgarib turadi» – deydi Wall Street'lik Mayk Mettis. Uning fikricha - Uma’s oilaviy kechki ovqat uchun ajoyib tanlov.

«The New York Times» jurnalisti Pol Spenser ham restoranning noodatiy muhitini  e'tirof etib, restoran mijozlaridan intervyular oldi.