Jamiyat | 15:16 / 20.07.2016
7466
2 daqiqa o‘qiladi

2015 yil O‘zbekistonda 159 turda dori vositasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi

Bugun O‘zbekistonda bir yuz yigirmadan ziyod farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ularda to‘qsonta farmakoterapevtik guruhlarga mansub tibbiyotning turli yo‘nalishlarida qo‘llaniladigan ikki mingga yaqin nomda inʼeksiya (ampula, kukunli, infuziya), tabletka, kapsula, surtma, gel, damlama, suyuqlik shaklidagi zamonaviy va shifobaxsh dori vositalari ishlab chiqarilmoqda, 177 nomda tibbiy buyumlar tayyorlanmoqda. Bu haqda O‘zA yozmoqda. 

Keyingi yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlari tomonidan yaratilgan qirqdan ziyod zamonaviy shifo vositalari nafaqat O‘zbekiston, balki jahon tibbiyotining dolzarb muammolarini yechishda o‘z samaralarini berayotir. Yurak aritmiyasini davolashda qo‘llaniladigan allapinin, gepatitga qarshi megosin, qon to‘xtatuvchi lagoden, shamollashga qarshi tselagripp va benzketozon singari preparatlar shular jumlasidandir.

O‘ttiz yettita korxonada ISO 9001 standarti, sakkizta korxonada GMP tizimi joriy etildi. 2015 yilda O‘zbekistonda mahalliy dorivor o‘simliklarni qayta ishlash, qadoqlash va ular asosida dori ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 89 korxona va sex tashkil etilib, bu vazifalarni amalga oshirish uchun qariyb 50 million dollar mablag‘ o‘zlashtirildi. Natijada 159 turda dori vositalari, 56 turda biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.