Obama va Erdo‘g‘an Gulenni muhokama qilishdi
AQSh prezidenti Barak Obama Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga Turkiyadagi harbiy to‘ntaruvga urinishdan keyin AQShning yordamini taklif qildi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.
Bu haqda matbuot-anjumanda Oq uy rasmiy vakili Josh Ernest ma'lum qildi.
Oq uy vakilining aytishicha, Obama va Erdo‘g‘an hozirda AQShda yashaydigan va Turkiya ekstraditsiya qilinishini so‘rayotgan muholif islom imomi Fathulla Gulenning maqomini muhokama qilishdi.
"Prezident Obama davlat to‘ntaruviga urinishni tergov qilishda har tomonlama yordam berishni taklif qildi", deb aytdi Ernest.
Ernest Oq uy Turkiya hukumatini to‘ntaruv ishtirokchilariga nisbatan jazo choralarini tanlashda bosiqlik bilan yondashishga chaqirganini ma'lum qildi.
Ernest Turkiya hukumati elektron ko‘rinishda Gulen ishi bo‘yicha hujjatlarni topshirganini va hozirda bu hujjatlar amerikalik amaldorlar tomonidan o‘rganilayotganini qo‘shimcha qildi.