Jahon | 15:54 / 20.07.2016
19041
15 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistika – jahonda xavfli kasb bo‘yicha birinchi o‘ringa ko‘tarildi 

Davrimiz haqli ravishda Axborot asri deb nomlanadi. Bir vaqtlar jamiyat taraqqiyoti besh formatsiyaga bo‘lib o‘rganilgan edi. Ya'ni ibtidoiy jamoa, quldorlik, feodalizm, kapitalizm va kommunizm jamiyatlari. Endilikda ayrim tahlilchilar “jamiyat uchga – agrar, sanoat va axborot davriga bo‘lingan holda o‘rganilishi kerak”, degan fikrlarni o‘rtaga tashlamoqda. Ibtidoiy jamoa davrida qabila oqsoqolining gapi gap edi. Quldorlik davrida esa quldorning gapini ikki qilib bo‘lmasdi. Feodalizm davrida feodallar jamiyatni boshqargan. Sanoat davriga kelib esa jamiyatni zavod va fabrika egalari boshqaradigan bo‘ldi.

XX asr oxiri - XXI asrga kelib esa dunyo butunlay o‘zgarib ketdi. Axborot-kommunikatsiya sohalarining taraqqiyoti, geosiyosiy vaziyatning keskin o‘zgarishi kim axborotga ega bo‘lsa o‘sha jamiyatni boshqarishini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu esa har qanday davlat va tuzumning oldida dolzarb muammoni keltirib chiqarmoqda. Ya'ni, har bir davlat axborot xavfsizligini ta'minlashi va informatsion xurujlarga qarshi tura olishi kerak. Shu kabi muhim vazifalarni bajargan davlatgina o‘z milliy manfaatlarini himoya qilgan bo‘ladi.

Axborot xavfsizligi har bir davlat milliy xavfsizligining tarkibiy qismidir. U davlat va jamiyatning barcha sohalaridagi milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan bo‘lishi kerak. “Har qanday davlatning ommaviy axborot vositasi chet el ta'siri ostida qolar ekan, jamiyat o‘z tarixiy ideallari, qadriyatlarini buzishga yo‘naltirilgan axborotlar og‘ushida qoladi”, deb yozgan edi amerikalik olim Lens Bennet. Hozirgi kunda jahondagi turli “kuch markazlarining” geosiyosiy qarama-qarshiligi “axborot makoni”ga ko‘chdi, degan gaplarda jon bor. Ya'ni oddiy so‘z bilan aytganda axborot kimning qo‘lida bo‘lsa, o‘sha haq bo‘lib chiqmoqda.

Hayot haqiqati shuni ko‘rsatmoqdaki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda - ezgulik va yovuzlik yo‘lida foydalanish mumkin. Zamonaviy dunyoda axborotlar shu qadar ko‘pki, tarqatilayotgan axborotlarning qay biri to‘g‘ri, qay biri noto‘g‘riligini aniqlaguncha inson ongi birinchi tarqalgan xabarga moslashgan bo‘ladi. Shuni unutmaslik kerakki, OAV aholiga to‘g‘ri ma'lumot yetkazishi kerak.

Bugun biz tez sur'atlar bilan o‘zgarib borayotgan, insoniyat hozirga qadar boshidan kechirgan davrlardan tubdan farq qiladigan o‘ta shiddatli va murakkab bir zamonda yashayapmiz. Hozirgi paytda yer yuzining qaysi chekkasida qandaydir voqea yuz bermasin, odamzot bu haqda dunyoning boshqa chekkasida turgan bo‘lishiga qaramay zudlik bilan xabar topishi hech kimga sir emas. Bugungi kunda zamonaviy axborot maydonidagi harakatlar shu qadar tig‘iz, shu qadar tezkorki, endi ilgarigidek, bu voqea bizdan juda olisda yuz beribdi, uning bizga aloqasi yo‘q, deya beparvo qarab bo‘lmaydi. Hayotmizning biror bir sohasini axborotsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Axborotlarni turli manbalardan Internet, radio, televideniye va bosma matbutdan olamiz.

Amerikalik tadqiqotchi G. Lassuell OAVning to‘rtta vazifasi borligini ta'kidlagan edi.
 1. Jahonni kuzatib borish (Informatsiya to‘plash va tarqatish)
 2. Tahrir qilish (informatsiyalarni tanlab olish va sharhlash)
 3. Jamoatchilik fikrini shakllantirish.
 4. Madaniyatni tarqatish.

Bugun axborot eng muhim qadriyat sanalmoqda. Axborot esa ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatiladi. Shu sababli ham OAVning jamiyatdagi o‘rni bebahodir. Dunyoning narigi chekkasida bo‘layotgan voqea-hodisalarni huddi o‘z ko‘chamizda yuz bergan hodisadek qabul qilyapmiz. OAV jamoatchilik fikrini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Radio va televideniye paydo bo‘lganidan keyin dunyo o‘zgarib ketdi. Internet paydo bo‘lishi bilan esa butunlay o‘zgardi. Informatsiya ozchilikning emas, barchaning mulkiga aylandi.

OAV davlat va jamiyat o‘rtasida vositachilik vazifasini bajaradi. Jahondagi siyosiy va ijtimoiy hayotga ta'siri inobatga olingani bois ham OAV norasmiy tarzda “to‘rtinchi hokimyat” deb yuritiladi.

Ayrim hollarda OAV odamlarga salbiy ta'sir ko‘rsatishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Buni biz dunyoda yuz berayotgan hodisalarning noto‘g‘ri talqin qilingan holda yoritilayotganidan ko‘rib bilib turibmiz. Jurnalistlar va mediaxodimlari nafaqat ish beruvchilar va bozor oldida, balki jamiyat oldida ham mas'uliyatni his qilishlari, demokratiyani haddan oshish, deb tushunmasliklari kerak. Erkinlikka intilish har bir jurnalist oldida turgan vazifa ammo, chegarani bilishi shart. Shu o‘rinda Fransiyada bo‘lib o‘tgan Charlie Hebdo hajv jurnali tahririyatiga qilingan qurolli xujumni misol sifatida keltirib o‘tamiz. Bu hujum va insonlarning halok bo‘lganini hech bir narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Aksariyat g‘arb nashrlarining bu hajv jurnalida nashr etilgan islom dunyosida, dunyoning qariyb 2 milliardga yaqin aholisi so‘nggi payg‘ambar sifatida tan olgan va qadrlaydigan Muhammad s.a.v.ning xajviy suratini qayta-qayta bosib chiqarishlarini so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlash sifatida talqin qilishlari aqlga sig‘maydi. Bu bilan ular dinlar va qadriyatlar o‘rtasidagi nifoqni yanada kuchaytirishga rag‘bat berdi. Eng rivojlangan davlatlar nashrlari ham jaholatga qarshi jaholat bilan emas, ma'rifat bilan javob berish haqida o‘ylab ko‘rmadi. Karikaturalar Guardian va The Times, Tagesspiegel, Berliner Zeitung, Blesk, Berlingske, El Pais, Business Insider va Huffington Post, shuningdek, boshqa o‘nlab gazetalarda chop etilgan. Ular ushbu harakatlarini halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat sifatida va jamiyatda matbuot erkinligi, so‘z erkinligi, san'at erkinligi uchun nashr etganligi bilan izohlagan. 

Shunga qaramay, bir qator axborot agentliklari, jumladan, Associated Press, CBC News va CNN mazkur faoliyatdan o‘zlarini tiygan. Nima bo‘lganda ham qadriyatlar, madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklardan foyda ko‘ruvchi tomonlar yutmoqda. Ular dinni terrordan, madaniyatni madaniyatsizlikdan ajrata olmaydigan, ahloqsizlikni erkinlik deb biluvchi insonlarning o‘quvsizligidan foydalanmoqda.

Media jamiyat oldida o‘z zimmasiga ma'lum bir majburiyatlarni olishi kerak. Bu majburiyatlar axborot tarqatishda halollik va adolatni talab qiladi. Media jinoyatchilikni, zo‘ravonliklarni, targ‘ib qilmasligi, fuqarolarning huquqlarini kamsitmasligi zarur. Bu matbuot erkinligini cheklashni anglatmaydi. Shu o‘rinda “erkinlik istab” yo‘l transport qoidalarini buzgan haydovchi keltirgan noxush xodisani misol sifatida keltirish mumkin. Demokratiya ekan deb jurnalistika etikasini buzganlar ham jamiyatga juda katta ziyon keltirishini anglab yetish kerak. Ayrim mamlakatlarda “To‘rtinchi hokimiyat” “birinchi hokimiyat”ga intiluvchi matbuotning borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ular – oligarxlar, moliyaviy guruh, mahalliy “baron”larning qo‘lidagi bir o‘yinchoq ekanligini yoddan chiqarish kerak emas. “To‘rtinchi xokimiyat” deb yuritilayotgan bo‘lishiga qaramay OAVni hukumat yoki tijorat strukturasi deb emas, balki tom ma'nodagi fuqarolik jamiyati instituti sifatida ko‘rish kerak.

Har yili dunyoning eng xavfli hududlaridan reportaj tayyorlash jarayonida o‘nlab jurnalistlar halok bo‘ladi. O‘tgan yili 80 jurnalist halok bo‘ldi. Yaqinda BMT Xavfsizlik Kengashi jurnalistlarni mojaro hududlarida himoya qilishga chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasini bir ovozdan qabul qildi. Ta'kidlanishicha, so‘nggi yillarda jahonda matbuot xodimlarini o‘g‘irlash va o‘ldirish hollari ko‘paygan. So‘nggi 10 yilda 700 matbuot xodimi professional faoliyati paytida yoki kasbini deb o‘ldirilgan. BMT Xavfsizlik Kengashi qabul qilgan rezolyutsiyada bunday qotilliklar va hujumlar qoralanadi va mojaroda qatnashayotgan taraflardan, jumladan, hukumatlar, qurolli guruhlardan muxbirlarni himoya qilishda chora ko‘rish so‘raladi. Taxlilchilarning fikricha, jurnalistika jahondagi eng xavfli kasblardan biriga aylanib qoldi. Statistika ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda bir haftada ikki jurnalist o‘ldirilmoqda. Har yili jahonda turli sabablarga ko‘ra yuzlab jurnalistlar xizmat vazifasini bajarayotgan bir paytda xalok bo‘lmoqda.

Jurnalistlar uchun eng xavfli mintaqalar sifatida Osiyo, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq, Xorvatiya va Afrika mamlakatlari ko‘riladi. Xizmat vazifasini bajarayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘limidan tashqari ularning jarohat olishi, o‘g‘irlanishi va hibsga olinishi bilan bog‘liq xodisalarni ham inkor etib bo‘lmaydi. Bu kabi hodisalar Afg‘oniston, Somali, Kongo va Meksikada tez–tez uchrab turadi. Jurnalistlar tanlagan kasblari bois halok bo‘lmoqda. Ko‘p hollarda jurnalistlarning qotillari javobgarlikka tortilmaydi. “Qaynoq nuqta” va beqaror mamlakatlarda halok bo‘lgan jurnalistlarning 10 foizi terror hodisalari natijasida hayotdan ko‘z yumadi.

YuNeSKO ma'lumotlariga ko‘ra, jurnalistika xavfliligi bo‘yicha yaqin-yaqingacha uchinchi o‘rinda turar edi, keyinchalik ikkinchi o‘ringa chiqdi. Endilikda birinchi o‘rinni egallab turibdi. Chunki jahonda mojarolar ko‘paymoqda. Jurnalistlar bu mojarolarning oldingi safida bo‘lib, ularni keng yoritishni kasb taqozosi sifatida ko‘rishadi.

Tahlilchilarning fikricha, mojaro zonalarida muxbirlarga hujumlar urush jinoyatlari sifatida ko‘rilib, Xalqaro jinoiy sudga oshirilishi kerak. Xizmat vazifasini bajarayotganda vafot etgan jurnalistlar haqida Xalqaro Matbuot instituti (International Press Institute), “Chegara bilmas muxbirlar” (fr. Reporters sans frontieres), Jurnalistlarni himoya qilish Qo‘mitasi (Committee to Protect Journalists), YuNeSKO Xalqaro kommunikatsiya taraqqiyot Dasturi (International Programme for the Development of Communication), Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (International Federftion of Journalists), “Ozodlik Forumi” (Freedom Forum) kabi tashkilotlar ma'lumot beradi.

To‘g‘ri bu tashkilotlar turli yo‘llar bilan ma'lumot to‘plagani bois, hisobotlar bir-biriga mos kelmaslik holatlari ham uchraydi. Ayrim tashkilotlar ro‘yxatga faqat jurnalistlarni, ya'ni professional jurnalistlar va blogerlarni kiritadi, boshqalari esa Ommaviy Axborot vositalarida ishlovchi barcha xodimlarni, jumladan, operator, ovozoperatorlari, tarjimonlarni ham kiritadi. Ayrim tashkilotlar harbiy harakatlardan tashqarida bo‘lgan o‘lim holatlarni ham hisobga olsa, boshqalari faqat harbiy harakatlar vaqtida qurbon bo‘lgan jurnalistlarni ro‘yxatga oladi. Masalan, Jurnalistlarni himoya qilish tashkiloti harbiy harakatlar vaqtidagi jurnalistlarning o‘limi yuzasidan tasdiqlangan va tasdiqlanmagan ma'lumotlarni ham hisobga oladi. “Chegara bilmas muxbirlar” esa faqat tasdiqlangan holatlarnigina e'lon qiladi.

Halok bo‘lgan jurnalistlarni ro‘yxatga olish 1992 yilda boshlandi. O‘shandan beri jurnalistlar uchun eng fojialisi 2012 yil bo‘lgani aytiladi. O‘sha yili, Xalqaro Matbuot instituti ma'lumotiga ko‘ra, 119 nafar jurnalist, Xalqaro Jurnalistlar Federatsiyasi ma'lumotiga ko‘ra esa 121 nafar jurnalist halok bo‘ldi. Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, jahonda 1992 yildan beri 1060 nafar jurnalist o‘z xizmati vazifasini bajarayotgan bir vaqtda halok bo‘lgan. Ukrainada nafaqat isyonkorlar va hukumat armiyasi o‘rtasida qurolli to‘qnashuv davom etmoqda, balki jurnalistlar ham sovuq qurollardan otilgan o‘qlar nishoniga aylanmoqda.

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining Berlin byurosi rahbari Kristian Mirning so‘zlariga qaraganda, BMT Xavfsizlik Kengashining 1738 raqamli rezolyutsiyasiga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan mintaqalarda jurnalistlar himoya qilinishi kerak. Qaynoq nuqtalarda faoliyat yurituvchi jurnalistlarning maqomi Jyeneva konvensiyasida bayon etilgan. Unga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar hududida faoliyat yurituvchi jurnalistlar tinch aholi vakillari sifatida ko‘riladi. Ya'ni, jurnalistlar qurolli to‘qnashuvda ishtirok etayotgan tomonlarning nishoniga aylanmasligi kerak. “2015 yilda matbuot erkinligi” deb nomlangan hisobotda aytilishicha, Meksikada jurnalistlarga do‘q-po‘pisalar qilinadi, ularning faoliyatini cheklovchi qonun qabul qilindi. Lotin Amerikasida matbuot qisman erkin yoki erkin emas. Osiyo va Tinch okeani mintaqasida esa aholining besh foizigina erkin matbuotdan bahramand. Hududdagi boshqa mamlakatlarning yarmida esa matbuot qisman erkin, qolgan yarmida umuman erkin emas.

Hisobotlarga ko‘ra, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi mamlakatlarning ikki foizidagina matbuot erkin, aksariyati esa hukumat senzurasi ostida. Afrikaning quyi-Sahroi Kabir mintaqasining 57 foizida matbuot qisman erkin, 40 foizida umuman erkin emas. Sharhlovchilarning so‘zlariga qaraganda, Yevrosiyo mintaqasining 80 foizidan ko‘pida matbuot erkin emas, 20 foizidan kamida esa qisman erkin.

Istiqlol yillarida O‘zbekistonda milliy ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. OAVning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirishni ta'minlaydigan, media-soha faoliyatini tartibga soladigan o‘nlab qonunlar qabul qilindi. O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari soni jadal o‘sib borayapti. 

Shu o‘rinda mamlakatimiz rahbari Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi axborot sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, axborot hamda so‘z erkinligini ta'minlash, OAVga doir qonunchilikni yanada rivojlantirishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Sharofiddin To‘laganov