Jahon | 12:46 / 21.07.2016
6111
1 daqiqa o‘qiladi

Anonim qo‘ng‘iroq orqali Bishkekdagi sud binosiga bomba o‘rnatilgani haqida xabar qilindi

Bishkek shahri politsiyasiga Qirg‘iziston Oliy sudi binosiga o‘rnatilgan portlovchi qurilma haqida anonim qo‘ng‘iroq orqali xabar berildi. Shundan so‘ng sud o‘z ishini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda Sputnik Kirgiziya xabar bermoqda.

«Bu ma'lumotni tekshirish uchun Bishkek IIB va Pervomaysk tumani IIB tergov-operativ guruhlari voqea joyiga yo‘naltirildi va ular binoni ko‘zdan kechirish ishlarini boshlab yubordi. Tegishli tekshiruv ishlarini olib borish uchun mamlakat Qurolli kuchlari bosh shtabining sapyor va muhandislari chaqirildi», – degan Bishkek shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Oljobay Kazabayev.

Militsiya sud binosiga o‘rnatilgan bomba haqida anonim xabar bergan kishining mobil telefon raqamini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Sud binosi atrofi hozirda o‘rab olingan.