Jamiyat | 09:45 / 22.07.2016
18864
7 daqiqa o‘qiladi

“Mirza Yusuf” masjidi imomi: Islom – tinchlik va xotirjamlik dinidir

Islom dini tarixiga qaraydigan bo‘lsak ham, faqat va faqat ezgulikni ko‘ramiz. Islom fathlari paytida nasroniylar va yahudiylarni birorta ham ibodatxonalari buzilmagan, dindorlarning e'tiqodiga va mol-mulkiga daxl qilinmagan, ruhoniylarga zulm qilinmagan.

O‘sha davrlarda nikohlanishga qo‘li kaltalarni sarf-xarajatini zimmasiga olib, nikoh marosimini o‘tkazadigan tashkilotlar bo‘lgan. Shifoxonalarda bemorlar bepul davolanishgan, muolaja tugagach, ularga yangi kiyim-boshlar berilgan. Shu davrda Qohiradagi fotimiy xalifa kutubxonasida 2 million jild kitob saqlangani ham islom ezgulik, ma'rifat dini ekanini ko‘rsatadi.

Din azaldan insonning Tangri bilan aloqa qilishga extiyojidir. Islom dini ezgulik manbaidir. U sof insoniy fazilatlar, go‘zal axloq odob, ma'naviy komillik kabi fazilatlarga da'vat etadi.

Hozirgi kunda jahonda ba'zi g‘alamislar tomonidan islom dini haqida turli noto‘g‘ri fikrlar tarqatilayotgani, terrorchilik kabi illatlarni ayni paytda bevosita islomga bog‘lab, muborak dinimiz va musulmonlarga nisbatan nafrat o‘tini yoqishga urinayotgani hech kimga sir emas, vaholanki muqaddas dinimiz har qanday yovuzlikni inkor etadi. 

Bu borada Prezidentimiz I. A. Karimovning ushbu so‘zlarini eslashimiz joiz: “Islom dini – bu ota-bobolarimiz dini, bu biz uchun ham iymon, ham axloq, ham diyonat, ham ma'rifat ekanligini unutmaylik u quruq aqidalar yig‘indisi emas.”

Umuman islom ta'limotidan besh bosh maqsad ko‘zda tutiladi. 1 .Inson hayotini muhofaza qilish. 2. Inson aqlini muhofaza qilish. 3. Inson dinini muhofaza qilish. 4. Inson naslini muhofaza qilish. 5.Inson mol-mulkini muhofaza qilish.

Rasululloh (s.a. v.) hadisi sharifda shunday deganlar: «Mo‘minlar xuddi bir jasad kabidirlar. Agar bir a'zoda og‘riq bo‘lsa, bu og‘riq boshqa a'zolarda isitma va og‘riqni paydo qiladi».

Qarangki, bir musulmonning dardini o‘z dardimizdek qabul qila olsak, biz Rasululloh aytgan mo‘'min bo‘la olar ekanmiz. Alloh Qur'oni karimning Moida surasi 2 oyatida: «Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanchilik yo‘lida hamkorlik qilmang» degan.

Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilishga Qur'on buyurmoqda. Yaxshilik so‘zi dunyodagi barcha fazilatli narsalarni, taqvo esa, Allohdan qo‘rqish va unga e'tiqod qilishni anglatadi. An'om surasi 160-oyatda Alloh ezgulikka buyurib, shunday marhamat qilgan: «Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur».

Demak, biz qilgan har bir yaxshiligimiz uchun o‘n barobar ko‘p ajru-savoblar, yaxshiliklar olar ekanmiz.

Bu mavzuga dalolat qiladigan bir qancha hadislarni keltirishimiz mumkin. Rasululloh (s.a.v.): «O‘zinga yaxshi ko‘rgan narsani birovlarga ham ravo ko‘r», deb bir hadislarida marhamat qilgan bo‘lsa, boshqa bir hadislarida «Insonlarning yaxshirog‘i — boshqalarga manfaatlirog‘idir», deganlar. Yana bir hadislarida «Qilingan har bir yaxshilik sadaqadir», deb yaxshilikning ahamiyatini bildirganlar.

Islom yovuzlik, qotillik, bosqinchilik, johillik kabi razil illatlarni qattiq qoralaydi. Alloh Qur'oni Karim Moida surasi 32-oyatida shunday bildirgan: «Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o‘ldirsa, xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan bo‘ladi». Rasululloh (s.a.v.): «Kim bir ahdlashgan jonni o‘ldirsa, jannatni hidini ham hidlay olmaydi» deganlar.

Umuman olganda islom terrorni qoralaydi yaxshilikka da'vat qiladi. Alloh o‘zi kechirimli zot bo‘lganidan, bandalarini ham afv, g‘azabdan tiyilish, yomonlikni yaxshilik bilan daf qilish, jaholatdan ma'rifatni ustun qo‘yish kabi ezgu fazilatlarga buyuradi. A'rof surasi 199-oyatda shunday zikr qilinadi: «Avfni ixtiyor eting, yaxshilikka buyuring, johillardan yuz o‘giring». «Rasululloh (s.a.v.) sahobalariga sizlarga Alloh bandasining darajasini nima tufayli ko‘tarishini aytaymi? dedilar: «Ha, ayting» deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Senga jahl qilganga muloyim bo‘lsang, zulm qilganni afv etsang, seni mahrum qilganga in'om etsang, sendan aloqani uzgan bilan aloqani bog‘lasang», deb marhamat qilganlar.

Mana islom dini nimalarga buyuradi. Ammo, hozirgi kunda islomni o‘zlariga niqob qilib olib turli yovuzliklarni, qonxo‘rliklarni amalga oshirayotganlarni biz nafaqat musulmon balki umuman inson deyishga tilimiz bormaydi. Chunki ular, islom dini nomidan ish ko‘rayotgan johil, galamis kimsalardir. Haqiqatda johillik yomon illat bo‘lib, johil insonlar barcha yomonliklarga hech qanday to‘siqsiz kirib ketaveradilar. Jaholat inson hayotini barbod qiladi, oxiratini kuydiradi, aksincha, ma'rifat inson qalbiga sayqal beradi, ma'naviy, ruhiy dunyosipi go‘zallashtiradi, insonga shon-shuhrat keltiradi, ulug‘laydi. Ma'rifat so‘zi «bilim», «Allohni tanish» kabi xislatlarni o‘ziga jamlaydi. Bunga zid ravishda ilmni diniy va dunyoviy turlarga taqsimlab, ayricha qarash inson ma'naviyatining yemirilishiga olib keladi.

Bu fikr isboti uchun uzoq va yaqin o‘tmishimizda misollar ko‘p. Abu Ali Ibn Sino, Beruniy,al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy, Nasafiy kabi ulug‘ ajdodlarimiz garchi sobiq tuzum ularning diniy ilm sohiblari bo‘lganini yashirgan bo‘lsada, ular eng avvalo islom dunyosining ardoqli olimlari, tom ma'nodagi ilm egalaridirlar. Qush ham yolg‘iz qanoti bilan parvoz qila olmagani kabi, inson ham bir yoqlamalik bilan komil va to‘liq bo‘la olmaydi. Shu jihatdan hurmatli Prezidentimizning: «Biz din bilan dunyoni, dunyo bilan dinni o‘rganamiz» degan gaplari biz uchun dasturilamal bo‘lmogi lozim. Ana shunda biz har tomonlama, to‘la mukammal inson, bobolarga munosib farzand bo‘la olgan bo‘lamiz. Umuman olganda biz islomni ezgulik dini ekanini yaxshi anglab va bilib olishimiz zarur va ma'naviy-ma'rifiy tarbiyada islom dinidan keng foydalanishimiz kerak.

Rahmatulloh Sayfuddinov,
Toshkent shahridagi “Mirza Yusuf”
jome' masjidi imom xatibi

Manba: mehrob.uz