Belaruslik polvon dunyodagi eng katta vertolyotni 20 metrga tortib bordi
Belaruslik polvon Kirill Shimko dunyodagi eng katta vertolyot – Mi-26’ni joyidan qo‘zg‘atib, 20 metr masofaga tortib bordi. Bu haqda 25 iyulda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar berdi.
Shimko buni aviatsiya sporti festivali o‘tayotgan Minskdagi Lipki aerodromida amalga oshirdi. U vertolyotni belidagi kamarga mahkamlangan trossda tortib bordi.
Belarus favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli vertolyotning og‘irligi 28,2 tonnadan ko‘proqni tashkil qiladi. Bu vertolyot 2012 yilda "Qattiq yong‘oq-5" (Krepkiy oreshek-5) filmini suratga olishda ishlatilgan.
2015 yilda Shimko parvoz qilmoqchi bo‘lgan ikkita Yak-52 samolyotini bir necha daqiqa davomida qo‘llarida ushlab tura olgan. Har bir samolyotning parvoz og‘irligi deyarli 1,5 tonnani tashkil qilgan. Bundan tashqari, polvon temir yo‘l tarkibi, 150 tonnalik samolyot, T-34 tanki, BelAZ samosvali va 118 tonnalik minora kranini harakatlantira olgan.