21:40 / 25.07.2016
7860

Qozog‘istonda yolg‘on gaplar tarqatgan ayol qo‘lga olindi

Google image

Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatida yolg‘on gaplar tarqatishda gumon qilingan ayol qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat ichki ishlar departamenti matbuot xizmati ma'lum qildi.  

"Jyezqazg‘an ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan jamoatchilik tartibi buzilishiga xavf yaratuvchi, axborot-kommunikatsiya tarmoqlari vositalari yordamida ataylab yolg‘on axborot tarqatganlik holati bo‘yicha sudgacha tergov olib borilmoqda", deyilmoqda xabarda. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, 23 iyulda WhatsApp messenjeri orqali turar joy binolaridan biri oldida qurol va portlovchi qurilmaga ega terrorchilar qo‘lga olingani haqida yolg‘on xabar tarqatilgan.

"Tergov-tezkor tadbiri davomida gumonlanuvchi shaxsi o‘rnatildi, u Jyezqazg‘anda yashovchi 29 yoshli ayol bo‘lib chiqdi. Ayol aybini tan oluvchi ko‘rsatmalar bermoqda", deyilmoqda xabarda. Ayolga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Yolg‘on-yashiq axborotni tarqatish uchun 5 yilgacha, favqulodda vaziyat vaqtida esa 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilgan.

Terrorchilik bilan bog‘liq mish-mishlar tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi haqida bir hafta oldin Qozog‘iston xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Nursulton Nazarboyev aytib o‘tgandi. "Vahimali mish-mishlar tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, ig‘vogarlarni aniqlash juda muhimdir. Olmaota va butun respublika fuqarolari tartibni o‘rnatish uchun qat'iy choralar ko‘rilayotganiga ishonchlari komil bo‘lishi kerak", deb ta'kidlab o‘tgandi Nazarboyev.

Top