Light | 12:15 / 25.07.2016
62582
7 daqiqa o‘qiladi

Og‘ir damlarda yodda tutish kerak bo‘lgan 10 qoida

Har bir insonning hayotida og‘ir damlar bo‘ladi. Atrofga yaxshilab qarasangiz, sizdan-da qiyin ahvolda qolgan kishilarni ko‘rishingiz mumkin. Hammamiz ham yo‘qotish, baxtsizlik va og‘riqli kunlardan o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Biroq qanday bo‘lmasin, ba'zi qoidalarni yoddan chiqarmaslik lozim. 

Oila, do‘stlar, his-tuyg‘ular, majburiyatlar – har doim siz bilan birga. Biz bu ro‘yxatni kengaytirib, e'tiboringizga har qanday vaziyatda yodda tutishingiz kerak bo‘lgan 10 qoidani havola qilamiz. 

Og‘riq – bu hayotning muayyan bir qismi, u shaxs sifatida o‘sishga yordam beradi

Har bir inson hayoti bir maromda baxtli o‘tishini istaydi, albatta. Biroq sevgi har doim ham baxt keltirmaganidek, hayot ham bir tekisda ketmaydi. Mana shunday “qora kunlar”da og‘riqqa qanday munosabatda bo‘lish - bu sizning tanlovingiz. Umringiz davomida har qanday vaziyatning foydali tomonini ko‘ra biling hamda o‘zingizga kerakli xulosa chiqaring. 

  • Hayot – bu og‘riq. Kimki boshqacha so‘zlasa, demak u sizga nimanidir sotmoqchi. 

Uilyam Goldman

Fikrlash va muammoga to‘g‘ri yondashish – bu yechimning yarmi

Ko‘pchilik muvaffaqiyatga o‘tkir aql sohibi ekanligidan erishmaydi. Hammasi oddiy: to‘g‘ri munosabat va harakat – bu sizlarni baxtga yetaklovchi yo‘l. Ro‘y berayotgan voqealarga to‘g‘ri yondashing va unutmang – siz muammo bor deb o‘ylasangizgina, u haqiqatda mavjud bo‘ladi. 

Ba'zan sizning eng katta qo‘rquvingiz shunchaki xomxayol bo‘lib chiqadi

Biz noaniqlikdan ko‘p cho‘chiymiz. Oxiri nima bilan tugashini bilmasak-da, o‘zimizni oldindan yaxshi emas, yomon tomonga yo‘naltiramiz. Qo‘rquvingiz bilan kurashing va yo‘q narsadan cho‘chishni bas qiling. Axir siz hozir 10 yoshda emassiz shkafdagi mahluqdan qo‘rqadigan. 

Muammolarni imkoniyatlarga aylantirish mumkin

Borgan sari omad uchun tajribadan muhimroq narsa yo‘qligiga ishonch hosil qilyapman. Shu bois qarshingizda muammo paydo bo‘lsa, sizning ikki yo‘lingiz bor: vaziyat qurboniga aylanib, muammo qarshisida bosh egish va tushkunlik hamda omadsizlik bilan kurashib, g‘olib bo‘lish. Qaysi yo‘lni tanlash – bu sizning qaroringiz.

Mas'uliyatni o‘z bo‘yningizga olmasangiz, muammoni hal qila olmaysiz

Ko‘p holatlarda birovlarni ayblash osonroqdek tuyuladi. Biroq yana o‘sha gap – siz 10 yoshli bola emassiz! Atrofdagi odamlar ustidan shikoyat qilish yaxshilikka olib kelmaydi. Shu bois, agar muammoni hal qilishga qaror qilgan bo‘lsangiz, mas'uliyat va tavakkalni bo‘yningizga olishingizga to‘g‘ri keladi. 

Har qanday muvaffaqiyatning ortida tavakkal turadi. Shunday ekan, tavakkal qiling. Adashgan bo‘lsangiz ham, bebaho tajribaga ega bo‘lasiz, ya'ni yutqazmaysiz!

Bizda bor narsa – bu hozirgi vaqtimiz

Aksariyat insonlar bugungi kun bilan emas, o‘tmish yoki kelajak xayoli bilan yashashadi. Biroq siz hozir harakat qilmasangiz, ertangi kun bilan yashayotgan orzularingizga erisha olmaysiz. O‘tmish yo kelajakni deb, bugungi kuningizni boy bermang, u ertangi kuningizga zinapoya bo‘lib xizmat qiladi. 

Har doim minnatdor bo‘lishingizga arzirli sabab bo‘ladi

Hayotdan, oilangizdan, yaqinlaringizdan, tasodifiy yo‘lovchidan - har kimdan. Yashaydigan uyingiz bo‘lsa, qozoningiz qaynab tursa, sog‘ligingniz joyida bo‘lsa – demak, hammasi ko‘ngildagidek. Baxtli bo‘lishingiz uchun biror bir nufuzli kasb egasi yoki milliarder bo‘lishingiz shart emas. Kim bo‘lishingizdan qat'i nazar, dunyoda sizdan-da yaxshi yo yomon yashaydiganlar qanchadan-qancha ekanligini unutmang! Bugungi kuningizga shukur qilishni o‘rganing va o‘zingizda yo‘q narsaga erishaman deb, borini qo‘ldan boy bermang!

Omad bir kunda kelmaydi

Ha, omad bir kunda kelmasligi rost. Buning ustiga siz istaganingizdek tez ham kelmaydi. Siz unga erishish uchun doimo harakatda bo‘lsangizgina, omadga erishasiz. Maqsad sari olg‘a qadam tashlang, shunda adashmaysiz.

  • Sabr-toqat, qat'iyat va mehnat – omadga erishishning 3 pog‘onasi.

Napoleon Xill

Boshqalardan maqtov kutmang, o‘zingiz va ishingizga o‘zingiz baho bering

Birovlardan maqtov kutib yashash juda achinarli holat. Bu insonning o‘ziga ishonchi yo‘qligidan va uning hayotdan qoniqish hosil qilishi - birovlarning fikriga bog‘liq ekanligidan dalolat beradi. O‘zingizga bo‘lgan ishonch ustida ishlang. Birovlarga emas, o‘zingizga muxlislik qiling va o‘zingizni qadrlang! 

  • Men o‘zimni sevmayman. Men o‘zimni deb, aqldan ozaman.

Mey Uest

Siz yolg‘iz emassiz

Bu haqida unutmang. Agar sizni qo‘llab-quvvatlovchilar bo‘lmasa, internetga kiring. Forumlar, o‘xshash qiziqishlar, ijtimoiy tarmoqlar...  Dunyoda yolg‘iz insonlar ko‘p, ularga ham maslahat kerak. Sizga madad kerak bo‘lsa, ana shunday insonlarni izlab toping va do‘stlashing.

Hayot – murakkab maktab. Tushkunlikka tushish va o‘zingiz yoki boshqalarga  achinish o‘rniga shuni anglab yetingki, ba'zi vaziyatlar sizga va boshqalarga kuchli bo‘lishga yordam beradi. Shunday ekan, kuchli va irodali bo‘lish uchun berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib,  hayotda uchragan har qanday to‘siqni mardonavor yengib o‘ting!