Ukraina politsiyasi jurnalist Sheremetning qotilligi haqidagi axborotga mukofot puli e'lon qildi
Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov politsiya jurnalist Pavel Sheremetning qotilligini tergov qilishda yordam beradligan axborotga 200 ming grivna qiymatidagi mukofot puli to‘lashini ma'lum qildi. Bu haqda "112 Ukraina" telekanali xabar bermoqda.
Avakov jurnalistning qottiligi tergovi bilan davlatning birinchi shaxslari, siyosatchilar yoki jamoat arboblari emas, balki mutaxassislar shug‘ullanishi kerakligini ta'kidlab o‘tdi.
Vazir "politsiyada jamoatchilikka ma'lum bo‘lmagan axborot borligini, biroq u tergov manfaati nuqtai nazaridan oshkor qilinmasligini" aytdi.
Avvalroq Ukraina bosh prokurori Yuriy Lutsenko yaqin orada jurnalistning qotilligida gumon qilinayotganlar nomi aytilishini ma'lum qilgandi.
Sheremet Kiyevda 20 iyulda avtomobil portlashi oqibatida halok bo‘lgan. Mashina "Ukrainskaya pravda" gazetasi egasi Alyona Pritulaga tegishli bo‘lgan. Ushbu qotillik yuzasidan "Qotillik" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Qotillik tergovida AQSh Federal qidiruvlar byurosi xodimlari ham ishtirok etmoqda.