Mahmud Abbos Isroilni tashkil etishda ayblab Britaniyani sudga bermoqchi
Falastinliklar yetakchisi Mahmud Abbos Buyuk Britaniyani Isroilni tashkil qilgani uchun sudga bermoqchi. Bu haqda The Independent xabar tarqatdi.
Falastin TIV rahbari Riyoz al-Malikiyning Mavritaniya poytaxti Nuakshot shahrida o‘tgan Arab davlatlari ligasi sammitida ma'lum qilishicha, Abbos London ustidan xalqaro sudga murojaat qiladi. Falastinliklar yetakchisi Buyuk Britaniyani 1917 yilgi Balfur deklaratsiyasi orqali «Isroil jinoyatini qo‘llab-quvvatlash»da ayblaydi.
Abbosning fikricha, britaniyaliklar hukumati «falastinliklar yeriga yahudiylarning ommaviy ravishda ko‘chirib keltirilishi»ga mas'ul.
Al-Malikiy ADL a'zolarini bu o‘rinda Abbosni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.
Isroil hukumati Falastinning bu bayonotiga javob qaytardi.
Bosh vazir Binyamin Netanyahu «Abbosning bu g‘oyasi arab-isroil ziddiyatini alangalatishdan boshqa ish emasligi» haqida gapirgan.
Balfur deklaratsiyasi — 1917 yilning 2 noyabrida Buyuk Britaniya TIV rahbari Artur Balfurning lord Uolter Rotshildga yo‘llagan rasmiy maktubidir. Unda Falastin hududida yahudiylar uchun yer ajratish maqsadi keltirilgan. Bir necha oylardan keyin bu deklaratsiyani Fransiya, Italiya va AQSh qo‘llab-quvvatlaydi, 1920 yilning 24 aprelida deklaratsiya tasdiqlanadi.