Jahon | 20:28 / 29.07.2016
7360
7 daqiqa o‘qiladi

Klinton: Biz devor qurmaymiz, biz istagan shaxs yaxshi ish topishi mumkin bo‘lgan mustahkam iqtisodiyot barpo etamiz

28 iyul  kuni AQSh Demokratik partiyasining Filadelfiyada  (Pensilvaniya shtati) bo‘lib o‘tgan  milliy s'yezdida Hillari Klinton fuqarolarga shunday so‘zlar bilan murojaat qildi. “Amerika jamiyati bo‘linib ketgan, hozir u haqiqat onlarini boshdan kechirmoqda, endi parokandalikni bartaraf etishi kerak”. AQShning sobiq birinchi raqamli xonimi va bosh kotibi mazkur partiya yig‘ilishida noyabr oyidagi prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodi qo‘yilishiga rasman rozilik berdi. Hillari Klintonni delegatlar va forum mehmonlari oldiga uning qizi Chelsi chorladi. Hillarining turmush o‘rtog‘i – AQShning sobiq prezidenti Bill Klinton rafiqasining chiqishini zaldan kuzatdi. 

Klinton o‘zining 50 daqiqali nutqini tarixga nazar tashlashdan boshlab, 1776 yilda Filadelfiyada AQSh Mustaqillik deklaratsiyasining imzolanganini yodga soldi. 

Davlat rahbari lavozimiga nomzod Klinton  Qo‘shma Shtatlarning asoschilari bir-birini eshitish, o‘zaro kelishish, umumiy maqsadlar qo‘yish kerakligini yaxshi bilishganini ta'kidladi. “Ota-bobolarimiz birgalikda biz kuch ekanligimizga oid egib bo‘lmas haqiqatni qabul qilishgan”, - dedi Klinton. “Birgalikda biz kuchmiz!” so‘zlari uning saylov komissiyasi shioriga aylandi.

“Hozirda Amerika haqiqat onlarini boshdan kechirmoqda. Qudratli kuchlar bizni bo‘laklarga bo‘lib tashlashmoqchi. O‘zaro ishonch va hurmat asoslari yo‘qolib bormoqda”, - deya tan oldi Klinton. – Biz ko‘tarilish uchun birga ishlashga tayyormizmi yoki yo‘q – shuni hal qilishimiz kerak.”.


Raqibi haqida

Klintonning fikricha,  Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp bu savolga javob berib bo‘ldi. 

“Tramp bizni xalqaro hamjamiyatning qolgan qismidan va bir-birimizdan uzoqlashtirishni, shu bilan birga bizning kelajakdan va bir-birimizdan qo‘rqishimizni xohlaydi”, - deb hisoblaydi AQShning sobiq bosh kotibi. 

Shunga qaramay, u amerikaliklar mamlakatning hozirgi bosqichda duch kelayotgan muammolarini aniq tasavvur qilishlariga ishonchi komil. “Biz qo‘rqmaymiz. Biz har doimgidek chaqiriqqa munosib javob beramiz”, - deya va'da berdi Klinton. Uning so‘zlariga ko‘ra, “biz devor qurmaymiz, biz istagan shaxs yaxshi ish topishi mumkin bo‘lgan mustahkam iqtisodiyot barpo etamiz”.

Klintonning so‘zlariga ko‘ra, Trampning na xulq-atqori va na ish tajribasi AQSh prezidenti lavozimini egallashiga to‘g‘ri keladi. “Shunchaki o‘zingizdan so‘rab ko‘ring, siz haqiqatda Donald Trampni davlat boshqaruvchisi sifatida ko‘rasizmi...u arzimagan sabab tufayli o‘z ustidan nazoratni yo‘qotadi... Twitter’dagi izoh tufayligina g‘azabini oshkor qiladigan kishiga yadroviy qurollarni ishonib topshirib bo‘lmaydi”, - dedi Klinton.


O‘zi haqida

Klinton AQSh ma'muriyati rahbari lavozimiga da'vogarlik qilayotgan kishilarning “umummilliy (siyosiy) sahnada yangi shaxs” ekanliklariga ishora qildi. “Men bundaylar qatoriga kirmayman. Men sizlarning birinchi raqamli xonimingiz bo‘lganman, 8 yil davomida Nyu-York shtatidan (Kongressda) senator sifatida xizmat qilganman, undan keyin esa bosh kotib lavozimida faoliyat yuritganman”, - deya ta'kidladi Klinton. 

Shuningdek u ijtimoiy-siyosiy faoliyati davomida insonlar manfaati yo‘lida xizmat qilish diqqat markazida bo‘lishdan osonroq ekanligini aytdi. 


Tashqi siyosiy platforma

O‘zining tashqi siyosiy platformasiga chizgilar berar ekan, Klinton Rossiya tomonidan tahdid yuzaga kelayotgani va unga qarshi turish uchun NATO kuchlarini mustahkamlash kerakligini ta'kidladi. 

Shundan so‘ng Klinton xalqaro terrorizm bilan kurashishni faollashtirish rejalariga ishora qildi. “Biz terrorizm bilan kurashish va uni yo‘q qilish uchun butun Amerika xalqi va ittifoqdoshlarimiz (xorijdagi) bilan birga ishlaymiz”, - dedi u. 


Eron atomi

U Eron yadroviy dasturi bo‘yicha xalqaro kelishuvni qo‘llab-quvvatlaydi va buni Barak Obama ma'muriyatining yutug‘i, deb hisoblaydi. 

 “Shu bilan birga biz Isroilning xavfsizligini ta'minlashimiz kerak”, - deya qo‘shimcha qildi demokratlar nomzodi. Gap shundaki, Isroil hukumati boshidanoq Eron bilan yadroviy kelishuvga qarshi chiqqan. Eron bilan hamkorlikdagi tadbirlar rejasi o‘tgan yili BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy beshligi va Germaniya tomonidan tuzilgan.

 

Iqtisodiyot birinchi o‘rinda

Klintonning fikricha, Amerika iqtisodiyoti hali ko‘ngildagidek ishlamayapti, lekin 8 yil avvalgiga qaraganda ancha yaxshi holatda. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Obama va vitse-prezident Bayden Amerikani og‘ir iqtisodiy inqirozdan olib chiqishgan. 

Klinton mehnat bozoridagi vaziyatni yaxshilash kerakligini inkor qilmadi. Demokratlar nomzodi bu masalaga ustuvor vazifa sifatida qarashni rejalashtirayotganini ma'lum qildi. 

 

Birinchi ayol prezident

26 iyul kuni AQSh prezidentligiga rasman nomzodi qo‘yilgan  Klintonning s'yezddagi chiqishi katta muvaffaqiyat qozondi. U 8 noyabrdagi saylovlarda g‘olib bo‘lgan taqdirda, Hillari Klinton AQSh prezidenti lavozimini egallagan birinchi ayol sifatida tarixga kiradi. 

Forum tribunasidan uni prezident Barak Obama va uning turmush o‘rtog‘i Mishel, vitse-prezident Jozef Bayden va uning xotini Jil, Klintonning eri Bill va qizi Chelsi, shuningdek o‘nlab siyosatchilar va jamoat arboblari, Hollivud va shou-biznes yulduzlari qo‘llab-quvvatlashdi. 

Demokratik s'yezd tugatilishi bilan SNN telekompaniyasida teletomoshabinlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari shundan dalolat beradiki, Klintonning chiqishini tomosha qilgan 71 foiz saylovchilar uning nutqini “juda ijobiy”, 15 foizi esa – shunchaki “ijobiy” deya baholashgan. Faqatgina 12 foiz yoshi katta fuqarolargina unga “salbiy” munosabat bildirishgan.