Light | 16:40 / 29.07.2016
17201
8 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun avvalroq shularni bilmaganman? Stenford universiteti muallimidan hayotiy maslahatlar

Tina Silig Stenfordda saboq beradi, uni barcha talabalar yaxshi ko‘rishadi. U olib boradigan kurs universitetda juda mashhur. Uning Josh ismli o‘g‘li bo‘lib, Tina uning 20 yoshligiga antiqa sovg‘a tayyorladi – u 20 yoshda o‘zi bilishni xohlagan narsalarni jamlab, kitob yozdi. Tez orada ushbu kitob bestsellerga aylandi. Mazkur maqolada undagi asosiy g‘oyalar haqida so‘z yuritamiz.

 

Har qanday muammo ortida imkoniyat yotadi

Tina o‘z o‘g‘liga bergan birinchi maslahat – har qanday muammoning ortida imkoniyatni ko‘ra bilish va barcha vazifalarga kengroq qarash. 

Masalan, uning Stenforddagi kursi quyidagicha boshlanadi: u juma kuni talabalarni bir necha jamoaga bo‘lib, ularga 5 dollar solingan konvertlarni topshiradi. Yakshanba kuni kechqurun ularga qandaydir startap yaratib, undan pul ishlash uchun ikki soat vaqt beriladi. Dushanba kuni esa barcha talabalarni bir joyga to‘plashadi. Har bir jamoa bajarishga muvaffaq bo‘lgan ishi haqida so‘zlab berishi uchun 3 daqiqa vaqt ajratiladi. 

Talabalar qanday g‘oyalarni o‘ylab topishadi, nima deb o‘ylaysiz?

Bir jamoa velosiped nasosi sotib oldi va talabalar shaharchasida velosipedlarning shinalarini nasoslay boshladi. Boshqa bir jamoa mashhur restoranlardagi stollarni oldindan band qilib, tig‘iz soatlarda ularni sotgan. 

Hammadan ko‘p – 650 dollar topgan jamoa esa antiqa yo‘l tutgan. Talabalar vazifalarning shartiga yanada keng qarab, bu vaziyatda eng qadrlisi – 5 dollar emas, dushanba kungi taqdimot uchun ajratilgan 3 daqiqa ekanligini yaxshi anglab yetgan. Ular Stenford talabalarini ishga olish istagini bildirgan kompaniyalarni topib, ularga ana shu 3 daqiqani sotishgan. Ajoyib g‘oya!

 

Eng unutilmas lahzalar kutilmaganda ro‘y beradi

Menejment otasi Piter Druker shunday degan: “Rejalar hech narsaga arzimaydi, ammo rejalashtirish bebahodir”. Olim Nasim Tolibning qora oqqush nazariyasi mavjud. Unga ko‘ra, hayotimizdagi barcha yaxshi hodisalar (va yomon hodisalar) ham  reja asosida kelmaydi.

Tinaning ham ishonchi komilki, rejalashtirish faqat harakatga yo‘nalish ko‘rsatish uchun kerak. 

 “Notanish mamlakat yoki shaharga qilgan sayohatingizni eslab ko‘ring-chi? Qanchalik rejalar tuzilmasin, eng yodda qolarli lahzalar kutilmaganda ro‘y beradi: siz birdaniga qiziq insonni uchratasiz yoki boshqa yo‘lga qayrilib ketasiz, buning natijasida esa o‘zingiz uchun qandaydir yangiliklar kashf qilasiz, - deb yozadi Tina. – Men sizlarga karerani ham xuddi sayohatni ko‘zlagandek  rejalashtirishni tavsiya qilaman. O‘zingizga qandaydir nuqtalarni belgilab oling, lekin shu bilan birga kutilmagan yangi imkoniyatlarga ham tayyor turing”.

 

Sizni har kuni million dollar kutib turadi

Chili Universitetidan Karlos Vinolo sizning har kuni uydan ko‘chaga chiqib, million dollar topishingizga ishonchi komil. Million dollar – metafora, albatta. Bu – dunyoning imkoniyatlarga to‘la ekanligi, faqat uni ola bilish kerakligini bildiradi. 

Uydan tashqariga chiqar ekansiz, har kuni qiziqarli insonlarni uchratasiz, qandaydir voqealar sodir bo‘ladi, hayotingizni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlar ochiladi. 

Agar siz dunyoga cho‘chib qarasangiz va hayotingizda yuz berishi mumkin bo‘lgan yangi hodisa uchun yopiq bo‘lsangiz, u holda siz har kuni million dollarni yo‘qotasiz. 

 

Keng yopilgan ko‘zlar bilan

Art of Innovation kitobi muallifi Tom Kellining aytishicha, biz har lahzada o‘zimizni begona mamlakatdagi sayyoh yoki endigina dunyoga kelgan bola kabi tutishimiz kerak. Atrof-muhitmizni faol o‘rganib chiqishimiz lozim.

Shotlandiya tadbirkorlik instituti rahbari Jyeyms Barlou talabalari bilan quyidagi mashqlarni bajaradi: u talabalarini bir necha guruhga bo‘lib, ularga 500 qismdan iborat pazlni (rasmli jumboq) tarqatib chiqadi. Keyin esa qaysi guruh pazlni birinchi bo‘lib yig‘ishini tekshirish uchun taymerni ishga tushiradi. Bu vazifaning siri shundaki, pazlning har bir bo‘lagi orqa tomonidan raqamlangan. Pazlning raqamlarini to‘g‘ri joylashtirib, uni osonlikcha yig‘ish mumkin. Biroq talabalar vazifani qolganlaridan oldinroq bajarishga doir nazariyalarga shu qadar o‘rganib qolishganki, ular bu “arzimagan” jihatga ko‘pincha e'tibor qaratishmaydi.

 

Hayot - jumboq

Hayot saboqlarining yana biri shundan iboratki, biz muayyan bilimlarimizning qayerda kerak bo‘lishini bilmaymiz. “Masalan, kalligrafiya kursi sizga hech qachon kerak bo‘lmaydi deb o‘ylaysiz, lekin negadir aynan shu sizni o‘ziga jalb qiladi, o‘rganing! Bu qanchalik oqilona tutilgan yo‘l yoki yo‘qligi haqida bosh qotirmang”, - deb yozadi Tina va Stiv Jobsning tarixini yodga soladi. 

Jobs kollejdan ketganida, u majburiy fanlarga bormasligi mumkin edi. Hayotdan nima xohlashini bilmagan o‘smir kalligrafiya kurslariga qatnay boshlaydi. Keyinchalik esa u bu bilimlarining hayoti davomida qanchalik kerak bo‘lishini tasavvur qila olmaganini aytadi. 

 

G‘oyalar nimaga o‘xshaydi

O‘zingizda ijodiy fikrlash salohiyatini rivojlantirish uchun Stenfordda sinovdan o‘tgan mashqlarni bajarishingiz mumkin. Istalgan tushunchani oling. Masalan, “g‘oyalar”.  

Endi esa yozing:

G‘oyalar______________________________ga o‘xshaydi,

chunki  ___________________________________,

shuning uchun _______________________________.

Imkon qadar ko‘proq variantlar o‘ylab toping, masalan:

•  G‘oyalar billur shishaga o‘xshaydi, chunki ular ham shunday nozik, shuning uchun ularni asrash kerak. 

•  G‘oyalar ko‘zguga o‘xshaydi, chunki ular atrofdagi barcha narsalarni aks ettiradi, shuning uchun aksingiz yoqmasa, uni tepgandan foyda yo‘q. 

 

Shularni 20 yoshimda bilganimda edi!

“Bu kitobdagi har bir bobni “Ruxsat eting” deb nomlagan bo‘lardim. O‘zingizga taxminlar borasida bahslashishga, dunyoga yangicha ko‘z bilan qarashga, tajriba qilishga, muvaffaqiyatsizliklarni yengib o‘tishga, shaxsiy yo‘lingizni topishga  va imkoniyatlaringiz doirasini tekshirishga ruxsat eting. Aslini olganda, men 20, 30, 40...yoshimda aynan shularni bilishni istagan bo‘lardim. Hatto hozir – 50 yoshdan o‘tganimda ham muntazam ravishda o‘zimga shularni eslatib turaman”, - deydi Tina. 

Shunday ekan, kech bo‘lmasdan o‘zingizga yangi imkoniyatlarni kashf qilishga ruxsat etib, oldinga olg‘a qadam tashlashni boshlang!