18:32 / 29.07.2016
4434

O‘zbekiston va Yaponiya hukumatlari o‘rtasida navbatdagi Almashuv notalari imzolandi

Foto:uz24.uz

Toshkent shahrida 29 iyul kuni O‘zbekiston va Yaponiya hukumatlari o‘rtasida “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish” loyihasi bo‘yicha navbatdagi Almashuv notalari imzolandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi F.Kato O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik barcha sohalarda, jumladan, ta'lim yo‘nalishida ham izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta'kidladi.

Imzolangan navbatdagi hujjatga muvofiq yurtimizdan 15 talaba o‘z mutaxassisligi bo‘yicha Yaponiyaning nufuzli universitetlari magistratura bosqichida tahsil olishi uchun qariyb to‘rt million uch yuz ming AQSh dollari miqdorida grant ajratiladi.

O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘lgan bunday loyihalar ta'lim sifati va samaradorligini oshirish, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash barobarida, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi faol va serqirra munosabatlarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Top