20:46 / 30.07.2016
20396

Kelajakning 10 avtomobili

Turli yuqori texnologiyalarning rivojlanishi, ular bilan bog‘liq boshqa sohalarga ham o‘zining ijobiy ta'sirini ko‘rsatmay qolmayapti. Aqlli telefon, aqlli soat, aqlli...Mazkur yuksak texnologiyalarning avtomobilsozlik sanoatiga kirib kelishi esa, avtomobil ishlab chiqarish sohasi mahsulotlarini yanada hayratlanarli, jozibador, qulay va ixcham qilib, mijozlar e'tiboriga havola qilish imkonini bermoqda. 

Yuksak texnologiyali avtomobil iborasi turmush tarzimizga tobora singib borayapti. Quyida e'tiboringizga, yaqin kelajakda insoniyatning og‘irini yengil qilish uchun ishlab chiqariladigan, fayzli va yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan avtomobillar o‘nligini havola etamiz. 

1. Rolls-Royce Vision 100 kontsepti go‘yoki dunyomizga «Taxt» filmidan tushgandek tasavvur uyg‘otsa ajabmas. To‘liq o‘ziyurar loyihada ishlab chiqiladigan avtomobilda, tabiiyki haydovchi o‘rindig‘i va rul g‘ildiragi bo‘lmaydi. Buning o‘rniga orqa o‘rindiqlar joyiga shohona ipak matoli ikki kishilik divan o‘rnatiladi. Uning qarshisiga keng OLED televizor osiladi. 

2. BMW Vision Next 100 modeli ham Rolls-Royce kontseptiga mos keladi, biroq, undan farqli o‘laroq, haydovchiga mashinani boshqarishda tanlov qoldiradi: u xohlasa o‘zi boshqaradi, xohlasa mustaqil boshqaruv tizimiga o‘tkazadi. Unga o‘rnatilgan navigatsiya tizimi yo‘nalishni tanlagach, qo‘shimcha ma'lumotni bosh oynada aks ettiradi. 

3. Bunisi endi ayni o‘sha nemis kompaniyasining Mini Vision Next 100 rusumli avtomobili. BMW konserni fikricha, bu mashina boshqaruvni baham ko‘rish madaniyati, ya'ni bir mashinadan birgalikda foydalanishga mos keladi. Mini Vision Next 100 salon shifti va yoritish tizimlari tusini o‘zgartirish mumkin. 

4. Mercedes kompaniyasi esa, aerodinamik ko‘rsatkichlarni yaxshilash imkonini beruvchi kuzov shakli o‘zgaradigan kontsept-kar ishlab chiqara oldi. Mashina, soatiga 80 km tezlikka erishganida korpusining shakli o‘zgaradi va harakat samaradorligini oshiradi. U, shuningdek, simsiz aloqa tizimiga ega. Bu boshqa mashinalar bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish bilan ularni oldindagi xavf-xatardan ogoh etish imkonini beradi.  

5. Nissan kompaniyasi Teatro for Dayz kontseptining intereri to‘lik yorug‘liq panellariga ega bo‘lib, unda har qanday tasvirni aks ettirish mumkin. Elektrik kontsept-karning priborlar panelidan videoqo‘ng‘iroq qilish ham mumkin. 

6. Audi kompaniyasining Audi h-tron kontsepti haqiqiy kelajak uchun mo‘ljallangan. Bu avtomobil vodorodda harakatlanadi. U, bir marta vodorodni to‘ldirgach, 600 kmgacha masofani ortda qoldiradi. Mashina 100 km/soat tezlikka 7,1 soniyada erisha olsa-da, Audi uni ommaviy ishlab chiqarishga qiziqayotgani yo‘q. 

7. Suzuki Air Triser kontsepti uch qator o‘rindiqlar bilan jihozlangan bo‘lib, ularning shaklini o‘zgartirish orqali mashinani osongina mehmonxonaga aylantirish mumkin. Bundan tashqari, uning markaziy ustunida o‘rnatilgan displey orqali smartfon va planshet videosini tomosha qilsa bo‘ladi. 

8. Rinspeed kompaniyasi o‘zi ishlab chiqqan yuqori texnologiyali kontsept-karini Σtos deb nomlab, uni xarid qilganga kvadrokoptyor hadya qiladi, mashinaning orqa kapoti qo‘nish maydonchasiga aylanadi. Dronni mashina ichidagi sensorli ekranlar vositasida boshqarish mumkin. Bundan tashqari, mashina haydovchisiz ham yura olgani sabab, lozim bo‘lgan vaqtda, rul priborlar paneli ichiga yig‘iladi. 

 

9. Porsche Mission E — butunlay elektrlashtirilgan kontsept-kar. U fantastik interfeysga ega. U, haydovchi nigohini kuzata oladi. Xususan, radioni qo‘yish uchun unga nazar solishning o‘zi kifoya qiladi. Golografik ekran esa, qo‘l harakati bilan ham boshqarishga imkon beradi. Xavfsizlik oynalari vazifasini bajaruvchi kameralar orqa tasvirlarni old oynaning burchagida namoyish etadi. Bir marta quvvat olgan elektromobil 500 km yura oladi. Porsche mazkur mashinalarni 5 yil ichida seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatida. 

10. Faraday Future startapi shu yilning yanvar oyida, betmobilga o‘xshash kontsept-karini namoyish etgandi. U, haydovchining qiziqishlariga moslasha oladi. Bu mashina ham mustaqil harakatlana olib, eng yuqori tezligini soatiga 320 kmga yetkaza oladi.

Top