Jahon | 14:19 / 01.08.2016
8702
2 daqiqa o‘qiladi

Atambayev: “Bizga nima qilishni o‘rgatish kerak emas”

© RIA Novosti

Almazbek Atambayev Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lining Gulen tarafdorlari Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishi sodir etishi mumkinligi to‘g‘risidagi ogohlantirishiga o‘z fikrini bildirdi. Bu haqda Sputnik agentligi xabar bergan. 

Avvalroq, Chovusho‘g‘li Qirg‘iziston hukumatini, go‘yo Gulen jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan xususiy maktablarga nisbatan chora ko‘rishga chaqirgan edi. Diplomatning qayd etishicha, agar rasmiy Bishkek "Gulenning jinoiy guruhi"ga nisbatan munosabatini o‘zgartirmasa, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarga sovuqchilik tushishi mumkin.

Bunga javoban Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi, mustaqil suveren davlat o‘ziga nima yaxshi-yu, nima yomonligini o‘zi hal qila olishini qayd etgandi. 

"Bu be'manilik. Shunchalik aqlli ekan, nega davlat to‘ntarishini payqashmadi? Albatta, biz maslahatlarga quloq tutamiz va ma'lumotlarni tekshirib ko‘ramiz. Ammo, bizni qo‘rqitish yoki nimagadir o‘rgatish kerak emas", — degan Qirg‘iziston rahbari.