Jahon | 15:28 / 01.08.2016
4463
2 daqiqa o‘qiladi

Muhojirlar uchun Germaniyaga kirish qiyinlashdi

Nemis politsiyasi Avstriyadagi muhojirlarga Germaniyaga kirishlariga kamroq ruxsat bera boshladi, deb yozmoqda Die Welt nashri mamlakat IIV ma'lumotlariga asoslangan holda. 

Xabar qilinishicha, 2016 yil iyul oyidagi rad javoblari soni 50 foizga oshgan. Xususan, Avstriyadan Germaniyaga kirmoqchi bo‘lgan 2600 muhojirdan 1300 nafariga ruxsat berilmagan. Ularga asosan, chegarani kesib o‘tish shartlarini bajarmaganlik sabab qilib ko‘rsatilgan. 

Shu bilan birga, IIV xabariga ko‘ra, GFRga Shveytsariyadan kirib kelayotgan muhojirlar soni ortgan. Ularning soni iyun oyidagi 550 kishidan iyul oyida 750 nafarga yetgan. 

Bundan tashqari, kattalar qarovisiz kirib kelayotgan voyaga yetmaganlarning soni ham pasaygan. Iyul oyida ularning soni 100 nafarni tashkil etgan. 2016 yilning birinchi choragida 3,5 mingdan ortiq o‘smir GFRga kirishga uringani e'tiborga olinsa, bu jiddiy o‘zgarishdir. 

Avvalroq, Bavariya bosh vaziri Xorst Zeyexofer Germaniya kansleri Angela Merkelning muhojirlik siyosatidan noroziligini bildirgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish