Xitoydagi xalqaro simpoziumda O‘zbekiston tajribasi yuqori baholandi
2016 20-21-iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida «Islomning mo‘'tadil tafakkuri ekstremizmga qarshi» mavzuida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Mazkur simpoziumda 150 dan ziyod delegatlar ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston delegatsiyasilari hamda Xitoy Xalq Respublikasi Islom assotsatsiyasi raisi, Xitoy Xalq Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom hukumat a'zolari, Xitoy Xalq Respublikasining professor olimlari, Xitoy Xalq Respublikasi ulamolari va viloyat bosh imom-xatiblari ishtirok etishdi.
Simpoziumni Shinshon – Uyg‘ur avtonom tumani partiyasi raisi Shuhrat Zakir ochib, mazkur simpoziumdan maqsad bugungi kunda Islomda mo‘'tadillik masalasi, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda yaqindan hamkorlik qilish masalasini o‘rtaga tashladi. Bu borada yaqinda O‘zbekiston Respublikasi poytaxti Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti a'zolari Davlat rahbarlarining 15 yillik yubiley yig‘ilishida ham alohida kelishuv va qarorlar imzolanganini ham ta'kidlab o‘tdi.
Xitoy Islom uyushmasi raisi Chyan' Guan Yuan', XXR Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Van Su Anlar so‘zga chiqib, ma'ruzalarida Islomda mo‘'tadillik, hanafiya mazhabining afzalliklari, dinda o‘rtahol bo‘lish va tafriqalardan saqlanish, ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirish kerakligi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, XXRning «Markaziy Osiy va Yevropa xalqlari madaniyati va hayotini tadqiq qilish instituti» professori Su Chang xonim so‘zga chiqib, diniy ekstremizmga qarshi kurashda Toshkent islom universiteti o‘quv programmasini o‘zlashtirishni, O‘zbekistonnning mahalla instituti tajribalarini joriy qilish kerakligini bildirdi va markaziy Osiyo xalqlarining dini va urf-odatlari o‘zaro uyg‘unlashib ketgani, milliy qadriyatlarga bo‘lgan yuqori darajadagi e'tibori va eng asosiysi hayot turmush tarzi uyg‘unlashib ketganligi haqida so‘zlar ekan, jumladan bunday dedi: «Men qadim Samarqand, Buxoro va Xivadagi musulmonlar urf-odatini yuksak qadrlayman. Ularning hayoti, turmush tarzi qalbimdan mustahkam joy oldi”.
Shundan so‘ng Urumchi shahar bosh imom-xatibi Muxtaram Siripjonov «Aqidada Moturudiya mazhabining mo‘'tadilligi» mavzuida ma'ruza qildi. Shuningdek, yig‘ilishda Rossiya Federatsiyasi musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Ravil Gaynuddin, Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi Maqsatbek To‘xtameshov, O‘zbekiston delegatlaridan Muhammadbobur Yuldoshev kabi vakillar so‘z oldi. Yig‘ilishda, Imom Moturudiy hazratlari qadim Samarqandning Moturud qishlog‘ida tavallud topgani, go‘zal Samarqandda tahsil olib, ijod qilgani va hozirda Imom Moturudiy hazratlarining maqbarasi go‘zal holatda obod etilgani to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston vakillaridan A. Qayumov so‘z olib «O‘zbekistondagi diniy bag‘rikenglik» mavzuida atroflicha gapirar ekan, O‘zbekistonda din va vijdon erkinligi, dinlararo va millatlararo o‘zaro totuvlik, hamjihatlik va barcha jabhalardagi singari diniy sohada ham katta-katta yutuqlar qo‘lga kiritilayotganini bayon qildi. Rossiya muftiylar Kengashi, Rossiya musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Rushan hazrat Abbosov: "Darhaqiqat, ma'ruzada eng dolzarb, aktual masalalar aniq bayon qilindi, haqiqatan O‘zbekistonda din va etiqod erkinligi borasidagi olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovordir. O‘zbekistonning qadim Buxoro shahridagi «Mir Arab» madrasasi nafaqat hozir, balki sobiq ittifoq paytida ham diniy kadrlar asosan shu dargohda, ya'ni Rossiya va SNG davlatlarining bir nechta muftiylari, din arboblari shu madrasada tahsil olgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziylar ham shu yurtda yetishib chiqdi. Bugun O‘zbekistonda yangi-yangi masjid va madrasalar ochilmoqda, ma'naviy-ma'rifiy sohada ham olib borilayotgan ishlar o‘sib kelayotgan yoshlar ongini turli zararli illat va yot g‘oyalardan himoyalanishida yordam bermoqda. Shu bois bu yurtda millatlararo va dinlararo o‘zaro totuvlik hukm surmoqda va bu borada O‘zbekiston hukumati eng yuqori bahoga loyiq ishlarni amalga oshirmoqda”, deya e'tirof etdi.
Simpozium yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan nashr etilgan «Smuta IGIL» kitobidan delegatsiya rahbarlariga bir donadan sovg‘a qilindi. Rossiya Federatsiyasi muftiysi Ravil Gaynuddin ushbu kitob juda qimmatli manba ekani va Rossiya musulmonlari idorasi veb-saytida ushbu asardan parchalar muntazam berib borilayotganini bildirib: “Bu kitob men uchun eng qimmatli sovg‘a bo‘ldi” deya o‘z tashakkurini izhor etdi.
Ma'lumot uchun: Hozirda Xitoy Xalq Respublikasining aholisi 1milliard 400 mlnga yaqin. XXRdagi 30 millionga yaqin musulmonlarni asosan xuey, uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz, o‘zbek, tatar, tojik, dunsyan, salar va boan kabi millatlar tashkil etadi. Musulmonlarning deyarli yarmi Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanida yashaydi. Shinjon Avtonom tumanining umumiy maydoni 1660 ming kv km bo‘lib, aholisi 23 milliondir. Shundan 50 % Islom dini (musulmonlarni) vakillarini tashkil etadi. SUAR (Sin'zyan-Uygurskiy Avtonomniy rayon) Mongoliya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston bilan chegaradosh hududdir.
Bugungi kunda Xitoyda 30 000 dan ziyod masjid, 10 ta Islom o‘quv bilim yurtlari mavjud bo‘lib, shundan bittasi Urumchi shahrida joylashgan. Mazkur Islom institutida hozirda 300 ga yaqin talaba tahsil olmoqda.
Xitoyda diniy tashkilotlar to‘g‘risida ilk qonun 1949 yilda qabul qilingan. Barcha din vakillari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan muvofiqlashtirib boriladi. Islom dini faoliyatidagi tashkilotlar esa Xitoy Islom Assotsatsiyasi tomonidan boshqariladi. Mazkur boshqarmada 70 nafarga yaqin ishchi xodimlar faoliyat olib boradi. Tuzilmaning amaldagi raisi Chyan' Guan Yuan' bo‘ladi. Fatvo ishlarida hanafiya mazhabiga, aqidada esa moturudiya yo‘nalishiga amal qilinadi. Shundan bo‘lsa kerak, Xitoy Xalq Respublikasidagi musulmonlarning 99 % ni hanafiya mazhabigilar tashkil etadi.
Xitoy Xalq Respublikasida turmush qurish yoshi o‘g‘il bolalarga 20, qizlarga 18 yosh qilib belgilab qo‘yilgan...
Muhammadnazar QAYuMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas'ul xodimi