APL klublari homiylardan pul ishlashda rekord o‘rnatishdi
Yangi mavsum oldidan Angliya chempionatida qatnashuvchi jamoalarning homiylardan qancha pul ishlashlari aniq bo‘ldi. Umumiy hisobda ingliz jamoalari futbolkalarda nomi keltiriladigan titul homiylardan 226,5 million funt ishlashadi. Bu APL rekordi hisoblanadi.
Oxirgi 5 yil ichida bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshib ketdi. 2010/11 yilgi mavsumda APL klublari titul homiylaridan 100,45 million funt ishlashgandi. Solishtirish uchun Germaniya bundesligasining 18 jamoasi o‘tgan mavsumda homiylardan 101 million funt, Ispaniya chempionatining 20 jamoasi esa 65 million funt ishlagan.
«MYu» jamoasi titul homiylardan eng ko‘p miqdorda foyda ko‘radi. Chevrolet kompaniyasi jamoaga yangi mavsumda 47 million funt foyda keltiradi. «Chelsi» esa Yokohama'dan 40 million funt ishlaydi. Londonning «Arsenal» klubi futbolchilarining kiyimlariga Fly Emirates deb yozib qo‘ygani uchun 30 million funt ishlaydi.
Manba: Tribuna.uz