Jahon | 20:36 / 02.08.2016
9445
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Turkiya razvedkasini "jazolaydi"

Foto: Reuters

Turkiya hukumati 15 iyul voqealari tufayli milliy razvedkada qayta qurish ishlari olib boradi. Bu haqda mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma'lum qilgan.

"Bizning razvedkamiz Gulen tarafdorlari tomonidan harbiy davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rilayotganini payqamadi. Razvedkamizda islohot o‘tkazamiz", degan prezident Anqaradagi iqtisodiy forumdagi chiqishi davomida.

15 iyul oqshomida harbiylar Turkiyada davlat to‘ntarishi amalga oshirishga harakat qilishdi. Isyon bostirildi. Turkiya hukumati ilk soatlardayoq isyon ortida Fathulloh Gulen turganini ma'lum qildi.

Isyon boshlangach to‘qnashuvlar vaqtida tinch aholi orasida 240 kishi halok bo‘ldi va 2 mingdan ortiq kishi jarohatlandi.

Isyondan keyin boshlangan yalpi tozalash ishlari doirasida 80 mingdan ortiq harbiy, politsiyachilar, sudyalar, amaldorlar va o‘qituvchilar ishdan bo‘shatildi. Shuningdek, 15 mingdan ortiq kishi qo‘lga olindi yoki tergovga chaqirildi. Hibs qilinganlarning jami soni 18 ming nafarga yaqinlashgan.