Kompaniyalar ta'mirlanmaydigan texnikalarni qasddan ishlab chiqarmoqda
Ishlab chiqaruvchilarning yanada ixcham va qulay mobil texnikalarni yasashga urinishi bu kabi uskunalarni ta'mirlashga imkon bermaydigan holatga olib keldi. Ayrim hollarda, ko‘plab qurilmalarni korpusi yoki butlovchi qismlariga ziyon yetkazmasdan ochish deyarli imkonsizdek. Bir kompaniyaning o‘zi ko‘p turdagi gadjyetlar ishlab chiqargani bois, ehtiyot qismlarining turi ham anchagina. Bu esa, sohada faoliyat yuritadigan kompaniyalarga faqat foyda keltiradi. Axir texnikalarini ko‘proq sotish mumkin bo‘ladi. Ishlab chiqaruvchilar orasida vujudga kelgan o‘ziga xos shunday tendensiya haqida NBC News fikr yuritadi.
Texaslik 56-yoshli Maykl Tayren (Michael Tyran) tibbiy xizmatchi bo‘lsa-da, bir paytlar og‘ir dizel texnikasi mexanigi bo‘lgan. Hozirda u iFixit saytidagi qo‘llanma va yo‘riqnomalar yordamida elektron texnikalarni tuzatib, qo‘shimcha daromad qiladi.
Tayren 2010 yili kutilmagan voqeaga duch kelgan. Uning iPod batareyasining quvvat olish limiti tugagach, mustaqil ravishda pleyerni ta'mirlamoqchi bo‘lgan, ammo uni qaytarzda ochishni eplay olmagan.
Tayrenning aytishicha, iPod bilan bog‘liq voqeadan so‘ng, u elektronika ishlab chiqarish sanoatida ta'mirlanmaydigan, balki yangisini xarid qilishga turtki beruvchi mahsulotlar ishlab chiqarish davri boshlanganini gumon qilgan. Albatta, Tayren iFixit yordamida pleyerni ta'mirlashning uddasidan chiqdi. Ammo, Apple xizmat ko‘rsatish markazi batareyani tiklashning imkoni yo‘qligini aytib, yangisini xarid qilish uchun 50 dollarlik chegirma taklif qilishini bildirgan.
NBC News telekanalining ta'kidlashicha, ishlab chiqaruvchilar «ochilmaydigan» qurilmalar ishlab chiqarishining qator sabablari bor. Ayrimlari, gadjyetlarini raqiblaridan himoya qilishni istasa, boshqalari begona shaxslar tomonidan ta'mirlangan jihozlar uchun kafil bo‘lishni xohlashmaydi. Uchinchilari, dizayn nuqtai-nazaridan shu ishga qo‘l urishadi.
Bundan tashqari, tobora ingichka qurilmalarga talab kuchayib borayotgani bois ham shunday qilinmoqda.
Biroq, ekspertlarning fikricha, ishlab chiqaruvchilar bunday qurilmalardan bevosita foyda ko‘radi. Chunki, iste'molchilar yangidan yangi gadjyetlarni xarid qilishga o‘zlari xohlamagan holda majbur bo‘lishadi. iFixit asoschilaridan biri Kayl Vayens (Kyle Wiens)ning so‘zlariga ko‘ra, bu tendensiyani aynan Apple kompaniyasi iPod pleyeri bilan boshlab bergan.
Vayensning ta'kidlashicha, ayrim qurilmalar, xususan Microsoft Surface qurilmalari shunchalik mustahkamki, hatto ekspertlar ham ilk ochishda unga zarar keltirishi tayin. Microsoft kompaniyasi esa, uning qurilmalari
«professionallar tomonidan professionallar uchun ishlab chiqarilgan»ini iddao etib, shuning uchun ham uni faqat mahoratli ustalar ta'mirlashi lozimligini uqdirgan.
United Nations University tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2014-yili dunyo bo‘yicha qayta ishlangan elektronika hajmi 41,8 megatonnani tashkil etgan. Bu har bir kishi boshiga 5,9 kg elektron chiqindi to‘g‘ri kelishini anglatadi. 2018-yilga kelib, bu raqam 49,8 megatonnaga yetishi va jon boshiga 6,7 kg qayta ishlangan elektronika to‘g‘ri kelishi bashorat qilinmoqda. Biroq, Electronics TakeBack Coalition ma'lumotlariga ko‘ra, 2011 yildan e'tiboran, qayta ishlanayotgan elektronikaning tashlab yuborilayotgan qismlari hajmi tobora kamayib borayapti.
NBC News dasturining e'tirof etishicha, aslida mahsulotlarni «rejali eskirtirish» 20-asr boshlarida avtomobil sanoatida paydo bo‘lgan. Dastlab, Henri Ford mashinalarning sifatiga jiddiy e'tibor qaratgan. Shu bois, ular uzoq muddat xizmat qilgan. Ammo, General Motors kompaniyasi o‘z marketing strategiyasini o‘zgartirib, har yili yangi modellarni taqdim qila boshladi. Shundan so‘ng, Ford ham oqim bilan barobar suzishga ahd qilgan.