Ko‘ngli yarim Dostonbekning “Ronaldusi”
Ildizlari moziydan suv ichadigan xalqimning ajib qadriyatlari bor. Bayram va hayit kunlari mehrga muhtoj kishilar holidan xabar olish kabi urf-odatlar ham ota-bobolarimizdan meros.
O‘tgan Ramazon hayiti kuni tumanimiz bosh imom xatibi Muhammadyusuf domla bilan yoshi ulug‘ kishilar va nogironlar holidan xabar olish, ularni ayyom bilan qutlash uchun qishloq aylandik. O‘sha kuni meni ham ana shunday savobli yumushga hissa qo‘shganimdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilganini esa so‘z bilan ifoda etish mushkul edi. Asli, turli xonadonlarda bo‘lib, yoshi ulug‘ va bemorlar duosini olishdan yaxshi amal bo‘lmasa kerak. Harakat a'zolari ishlamay qolgan nogiron farzand tarbiyalanayotgan - Orifjonovlar oilasidagi Dostonbek bilan bo‘lgan suhbat esa yodimda qoldi.
Xonadonga kirib borganimizda, taqdir taqozosi bilan o‘n yildan beri yura olmay qolgan Dostonbekni hayotdan xafa holda uchratsam kerak, deb o‘ylagandim. O‘spirin bolaning nigohlari o‘tkir, ko‘zi quvonchdan yashnab turardi.
– Yaratganga shukur, nolishga o‘rin yo‘q, deydi onasi. – O‘zimga va bolamga tayinlangan nafaqalarni vaqtida olib turibmiz. Kecha, Dostonimni mashinaga o‘tqazib, Bog‘ishamolga, istirohat bog‘iga olib bordim. Andijonni go‘zal joylarini ko‘rib rosa quvnadi. Bugun kayfiyatini zo‘rligiga sabab, kecha uni Ronaldusi yutdi, shunga juda xursand. Futbolni qoldirmay ko‘radi, o‘g‘lim. Jamoasi yutgan kuni uyimizda bayramdek gap.
Yosh Dostonbek dunyodagi deyarli barcha chempionatlar, unda to‘p suradigan jamoalar va o‘yinchilarni yod bilar ekan. Yevro – 2016 o‘yinlarini qoldirmay ko‘rayotganini yana har bir o‘yin tafsilotlarini zavq bilan gapirayotgan bolakay shu paytda hech nogironga o‘hshamas edi. Oilasidagilar unga mo‘'jazgina batareykaga ham ishlaydigan televizor olib berishibdi. Yonida futbol yulduzlari suratlari jamlangan fotoalbom. Ehhe... Unda Ronalduni suratlari bisyor, Messi, Bekhem, Zidan deyarli barcha taniqli futbolchilar unga har kuni hamxona ekan.
Unga muxlislar orasidagi an'anaviy savolni beraman:
- Ronaldu kuchlimi yoki Messi?
– Bilmadim, menimcha ikkalasi ham zo‘r, menga chiroyli futbol yoqadi, - deydi u.
Bor gap Dostonbek! Aslida, futbol kuchli. Bo‘lmasa, uni millionlab odam alqamagan bo‘lardi.
Bolakay mendan jon-dili bilan kutadigan termamiz o‘yinlari jadvalini, Ronaldu ishtirokidagi o‘yinlar videotasvirlarini keltirib berishimni so‘radi. Va'dani quyuq qildim. Hozir barchasini yig‘ib yuribman. U bilan – sen bilan hali ko‘p suhbatlashamiz, deya xayrlashdim.
Uvoqqina, ko‘ngli yarim bolakayga ertangi kunni intizorlik bilan kutish, hayotda umidvorlik bilan yashashni baxsh etayotgan - futbol deya atalmush mo‘'jizaga qoyil qolmay ilojim yo‘q edi...
Elmurod ERMATOV, Andijon.