Sintszyan fizika va ximiya texnika instituti vakillari IUT’ga tashrif buyurdi
Xitoy Fanlar akademiyasining Sintszyan fizika va ximiya texnika instituti 30-iyul kuni Toshkent shahridagi Inha universitetiga (IUT) o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalarini muhokama qilish uchun tashrif buyurdi.
Delegatsiyaga Sintszyan fizika va ximiya texnika instituti prorektori, professor Hoji Akber Aisa rahbarlik qildi. O‘zbekistondagi Xitoy elchisining o‘rinbosari Tszou Yanxuey (Zou Yanhui) delegatsiya bilan birga IUTga tashrif buyurdi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sherzod Shermatov mehmonlarni qutladi va universitetning faoliyati haqida so‘zlab berdi.
Muzokaralar davomida tomonlar ikki oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalarini muhokama etdilar.
Tomonlar o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama etish uchun O‘zbekistonga Xitoy universitetlari vakillari delegatsiyasining tashrifini tashkil etishga kelishib oldilar.
Uchrashuv so‘nggida professor Hoji Akber Aisa universitet tashriflar kitobiga o‘zining samimiy tilak va istaklarini yozib qoldirdi.