Fan-texnika | 18:35 / 03.08.2016
6462
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik unga supergibridni sotmagan Ferrari kompaniyasini sudga berdi

Amerikalik tadbirkor Preston Xenn Ferrari kompaniyasi ustidan sudga murojaat qildi, deb xabar qilmoqda Autoweek. Italiyaning sport mashinalari ishlab chiqaruvchisi LaFerrari — Spider rusumli supergibridning tomi ochiq namunasini sotishdan bosh tortgan. 

Sobiq avtopoygachi va Fort-Loderdeyl shaharchasidagi Swap Shop do‘koni  xo‘jayini Xenn rodsterga buyurtma yuborgan, ammo rad javobini olgan. Shundan so‘ng, tadbirkor Fiat Chrysler Automobiles (FCA) alyansi direktori Serjio Markionnega shaxsiy maktub yo‘llab, depozit sifatida 1 mln dollarlik chekni ilova qilgan. Ammo, tezda chek o‘z egasiga qaytarib yuborilgan hamda kompaniyaning javob maktubida Xennga superkar sotilmasligi ma'lum qilingan. 

Tadbirkorning sudga murojaatida aytilishicha, u 60 yildirki Ferrari ishqibozi hisoblanadi va shu paytgacha «italyan markasining bir necha o‘nlab modellariga egalik qilgan. Xenn hozir ham Ferrari mashinalarining yirik to‘plamiga ega bo‘lib, ular Swap Shop do‘koniga qo‘yilgan. 

Mazkur to‘plamda 275 GTB/C Speciale rusumli mashina «dunyoning eng qimmat avtomobili» bo‘lishi mumkin.

Xenning so‘zlariga ko‘ra, u «uchinchi shaxslardan» Ferrari rahbariyati Xenni LaFerrari Spider mashinasiga «nomunosib» deb topganini eshitgan. 

«Bu xulosa haqiqatga mos kelmaydi va Xenn obro‘siga putur yetkazadi. Shu bilan birga, do‘stlari, biznes hamkorlari va jamoatchilikning boshqa a'zolari orasida kulgili holatga qo‘yadi», — deyiladi murojaatda. 

Xenn ishning hakamlik sudi tomonidan ko‘rilishini talab qilib, o‘ziga yetkazilgan ma'naviy zararni «75 ming dollardan kam emas», deb baholagan.