Jahon | 18:58 / 03.08.2016
4146
1 daqiqa o‘qiladi

Dubay aeroportida yonib ketgan samolyot bortida bo‘lgan 300 yo‘lovchining hech biriga shikast yetmagan

Dubay shahridagi xalqaro aeroport hududida noqulay qo‘nishni amalga oshirishi oqibatida yonib ketgan Boeing-777 samolyoti yo‘lovchilariga jabr yetmagan. Emirates aviakompaniyasi ma'lumotiga ko‘ra, ushbu reys bortida 282 nafar yo‘lovchi va ekipajning 18 a'zosi bo‘lgan.

Barcha yo‘lovchilar va ekipaj a'zolari yong‘in chiqishi bilanoq muvaffaqiyatli evakuatsiya qilingan.

Sayohatchilarning aksariyati – 226 nafari Hindiston fuqarosi bo‘lgan. Bundan tashqari, samolyotda BAA, AQSh, Turkiya, Irlandiya, Avstraliya, Braziliya, Germaniya va boshqa mamlakat fuqarolari bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 3 avgust kuni Hindistonning Trivandram shahridan Dubayga uchayotgan Boeing-777 samolyoti muvaffaqiyatsiz qo‘nishni amalga oshirgani tufayli uning bortida yong‘in kelib chiqdi.