Sport | 19:02 / 03.08.2016
6364
5 daqiqa o‘qiladi

«Semi-iz «Barselona» va uning g‘alati transfer siyosati

Semiz odamga kiyim tikish qiyin ish. Bir yonini yopsang, boshqa tomoni bo‘rtib chiqadi, yelkasini uzun qilsang, beli ochilib qoladi. «Barselona»ning transfer siyosati ham mana shu semiz odamga o‘xshaydi. Har yili katta pullar sarflab, nomdor futbolchilarni olib kelishadi da, nimadir qolib ketadi. Doim yo yelka, yo bel ochiq...

Bu yil jamoa o‘ziga xos, noodatiy transfer kampaniyasiga qo‘l urdi. Muxlislar nihoyat jamoaga yaxshi himoyachilar kelganidan quvonishdi.

Samyuel Umtiti. Yevropa chempionati kashfiyoti  bo‘lgan himoyachi shubhasiz jamoani kuchaytiradi. Tan olish kerak, Puyol ketganidan keyin «Barselona» markaziy himoyachidan yolchimayotgan edi. Pike-chi demang, uning qanday «ajoyib» himoyachi ekanini ko‘p ko‘rganmiz. Umtiti yozgi transferning eng asosiy xaridi desak, bo‘laveradi.

Lyuk Din. «PSJ»dan kelgan bu himoyachi 2013 yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Pogba boshchiligidagi fransuzlar O‘zbekiston terma jamoasini mag‘lub etganida o‘sha tarkibda bor edi. U chap qanot himoyachisi. «Barselona»da bu qanotni Alba o‘ziniki qilib olgan. Shunday ekan, Din katta ehtimol bilan, zaxiradan asosiy tarkibga qo‘shilish uchun harakat qiladi.

Denis Suares. Yarim himoyachi, to‘g‘rirog‘i, tayanch yarim himoyachisi. «Barselona»da tayanch yarim himoyachisidan ham ko‘pi bormi hozir? Shunday bo‘lishiga qaramay, jamoa yana bir markaz futbolchisini sotib oldi. Uning asosiy tarkibdan o‘rin olishi qiyin masala.

Andre Gomesh. «Barselona»ning eng qimmat xaridi. Jamoa Portugaliya terma jamoasi futbolchisi uchun 70 million yevro to‘ladi. Yana bir tayanch himoyachisi. Lekin asosiy tarkibga kirish imkoni katta.

Endi choyni ho‘plab, asosiy tarkibni chamalasak nima deysiz? Xo‘sh, futbolda 11 kishi o‘ynaydi. «Barselona»da uch hujumchi o‘ynashi aniq, bitta darvozabon ham. Darvozada Bravo turadi.

Himoya. Ispaniyada uch himoyachi bilan o‘ynash urf emas, shu sabab to‘rt himoyachi tanlash kerak. Markazda Pike va Umtiti o‘ynashi haqiqatga yaqin. Chap qanotda Hordi Alba. O‘ng qanotga kelganda, tilga tushov tushadi. Dani Alves ketdi, o‘ng qanotni eplab turgan Martin Montoyya ham ketdi. Beylning fantastik yurishini o‘ng qanotdan o‘tkazib yuborgan Bartra ham ketdi. Adriano ham ketdi. Kim qoldi? Hozircha o‘ng qanotda hech kim yo‘q. Balki Din shu sabab olingandir, lekin chap qanotda o‘ynab yurgan yigit o‘ngda… Bilmadim.

O‘zi, «Barselona»ning himoyachilar haqidagi «afsonasi» Chigrinskiydan boshlanib, Vermalengacha taqaladi. Puyoldan boshqa barqaror, eplab to‘pni qaytaradigan himoyachini eslay olasizmi? Pikeni bilamiz. Dani Alves doim o‘yindan tashqari holatda. Shu sabab Umtiti mavsum oldidan jamoaning eng yaxshi xaridi bo‘ldi.

To‘g‘risi, «Barselona»da futbolchi ko‘payib ketdi. Ayniqsa, maydon markazida. Yuqorida aytganimizday jamoada uch yarim himoyachi o‘ynaydi. Ulardan ikkisi Buskets va Inesta. Yana bittasi kim? Andre Gomeshmi, Xaver Maskeranomi yoki Ivan Rakitichmi? Arda Turon va Serji Robertoni ham esdan chiqarmaslik kerak. Rafinya ham jarohatidan qutilmoqda. Bunday futbolchilar zaxirada o‘tirishga ko‘nmas? Shu sabab «Barselona» endi futbolchi sotib olishi emas, sotishi kerak. Kuchli futbolchilarni zaxirada olib o‘tirish uvol-ku! Markaziy hujumchi kerak deyishyapti, lekin zaxira hujumchisi vazifasini Munirning o‘zi eplab ketadi. Agar «Barselona» bittagina o‘ng qanot himoyachisini sotib olsa, bemalol chempionlik uchun asosiy da'vogar deb qarash mumkin bo‘ladi. Belerin haqida mish-mishlar bo‘ldi. Agar bu transfer amalga oshsa, jamoa kuchayadi. Bu aniq.

Xullas, «semi-iz» «Barselona»ning tushunarsiz transfer siyosati haqida hozircha shular. Boshqa gaplar bo‘lsa, siz bilan bo‘lisharmiz…

 

O‘tkir Jalolxonov