O‘zbekiston | 20:43 / 03.08.2016
19656
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda avtobuslar harakatini kuzatishga mo‘ljallangan TashBus mobil dasturi ishga tushirildi

«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi shahar avtobuslari harakatini kuzatishga mo‘ljallangan TashBus mobil dasturi (Android) sinov rejimida ishga tushirilgani haqida ma'lum qildi.

«Gazeta.uz» xabariga ko‘ra, ushbu dastur yordamida foydalanuvchilar avtobusning bekatga kelish vaqtini bilib olish orqali o‘zlarining yo‘lga chiqishlarini rejalashtira olishadi. Shu bilan birgalikda ushbu dastur avtobusning davlat raqami, harakat tezligi va bekatgacha bo‘lgan masofa singari ma'lumotlarni beradi.

Shuningdek, foydalanuvchilar ilova yordamida qo‘yidagi imkoniyatlarga ham ega:
- tanlangan yo‘nalishdagi avtobuslarning harakatini kuzatish;
- avtobuslarning tanlangan bekatga kelishi vaqtiga oid ma'lumotga ega bo‘lish;
- tanlangan bekatdan qaysi yo‘nalishlar o‘tishi haqida ma'lumot olish;
- eng yaqinroqdagi avtobusning eng yaqin bekatgacha bo‘lgan oraliq masofasini bilib olish;
- jadallik imkoniyatiga ega bo‘lish uchun tanlangan yo‘nalishlar ro‘yxatiga yangi yo‘nalishlar qo‘shish va yana boshqa har-xil foydali funksiyalar.

Bekatlar katalogi tegishli bekatdan qaysi yo‘nalishlar o‘tishini bilishga yordam beradi. Qidiruv funksiyasi orqali avtobusni raqami bo‘yicha, bekatni esa nomi bo‘yicha topish mumkin. «Joylashuv» funksiyasi yaqin atrofdagi bekatlarni ko‘rsatib beradi. Yo‘nalishlarga tezda kirish uchun ularni tanlangan ro‘yxatga kiritish talab etiladi.

Grand Technology System kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan dastur poytaxtdagi barcha avtobus yo‘nalishlarini qamrab oladi. Yaqin orada uning iOS-versiyasi ham chiqariladi.

Bundan tashqari, xizmatning veb-versiyasi — «TashBus.uz» saytini tashkil etish rejalashtirilgan.