O‘zgargan Sheva
Negadir Bekhemga havasim kelib ketdi. Aqlli bola - maydondagi yillab to‘plagan obro‘ini maydon chetida o‘yinni kuzatibgina bir lahzada to‘kib yubormaslik chorasini topa oldi. Agar shu masalada xotinining gapiga kirgan bo‘lsa ham, tanqid qilmayman. Undan ko‘ra, xotinlar nima deyishyapti - shundan gapiring, shundan!!!
Zayniddin Zidan kostyum-shim kiyib, murabbiylar o‘rindig‘ida o‘tirishini, vaqti kelganda, sapchib turib futbolchilarga ko‘rsatmalar berishini haligacha hazm qila olmayotgan paytim Ukrainadan ham quloqqa yoqimsiz xabar kelib qoldi: Andrey Shevchenko mamlakat terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanibdi. Vah!
"Murabbiy bo‘lish uchun odamga aql kerak. Omad deganlari o‘sha aqlning ortidan ergashadi, xolos!" Mourino bu so‘zlarni birov bilan tortishib turib aytmagan. O‘z sohasi haqida so‘zlayotgan chog‘i, aniqrog‘i, judayam xolis payti gapirgan. Demak, qo‘shsa bo‘ladi...
To‘g‘ri-da, inson har tomonlama mukammal bo‘lishi mumkin emas. Besh yuztadan bittasi o‘xshab qolgan bo‘lsa, sohasini almashtirgan odamga ham o‘sha omadni tirkash, kamyob sanalgan omad tufayli botqoqdan chiqib ketishiga "yo‘l ochib berishlik" - vaziyatga to‘g‘ri qaray olmaslikdan boshqa narsa emas. Aslida, aqlli odam porlagan nuqtasida qolaverishi kerak. Boshqa sohada ham shu nuqtani topib olganlar bordir, ammo topa olmay, sarsonlik ichra adashib-uloqib ketganlar o‘n, balki yuz barobar ko‘proqligini unutmaslik lozim.
Futbolchilikdan murabbiylik sohasiga o‘tadiganlar oldida hamisha ikki xil tanlov turadi: "Eski obro‘ing bilan qol va muxlislar ongida ZO‘Rligingni boy berma! Murabbiy bo‘lmoqchimisan, unda futbolchilikda qozongan mavqeingni yo‘qotib qo‘ymaydigan darajada salohiyatli bo‘l! Boshqa, o‘rtaroq yo‘lni axtarma, chunki shu ikki yo‘ldan boshqa tuzukroq yo‘lning o‘zi yo‘q".
Erik Kantonadan, murabbiylik sohasida bosh qotirganmisiz, deb so‘rashganida, fransuz yulduzi zo‘r javob bergan: "O‘zimga o‘xshash yigitlar tug‘ilib qolsa, o‘ylab ko‘rarman..." Ha, bu javob ichida garchi o‘ziga nisbatan katta baho berilgan bo‘lsa-da, bir jihat e'tibori bilan to‘g‘ri bo‘lib qolaveradi - murabbiylik sohasida cho‘qqiga chiqa olmagan odam faqat o‘zidaqa telba futbolchilar chiqishini kutadi-da, boshqa nima ham qilsin?!
Ochig‘i, Ukraina futboliga oid xabarni o‘qidimu, futbolchi Shevaga hozirdanoq achinishga tushdim. O‘sha men bilgan va ardoqlagan Sheva degan futbolchi siymosi Andrey Nikolayevich degan chalamutaxassisning soyasi ostida qolib ketmaysaydi, degan xavotir o‘rmaladi birdan. Ha, yaqin qoldi, el suygan yigit o‘zi tasavvur qila olmaydigan darajadagi haqoratlar ostida qolishiga yaqin qoldi, deb yubordi nimadir ichimda.
Andrey Shevchenko bir paytlari o‘z ustozi bo‘lgan Valeriy Lobanovskiyning mana bu gaplarini eshitmagan ko‘rinadi: "Hayotda murabbiylikdan og‘ir sohani uchratmadim. Futbolchilikda-ku, hamma narsa o‘zingga bog‘liq bo‘ladi - sen yaxshi o‘ynasangu, jamoa yomon o‘ynagan taqdirda ham, seni tanqid toshlariga ko‘mib tashlamasliklari mumkin, chunki sen o‘z o‘yining bilan isbotlab bo‘lgansan zo‘rligingni. Biroq, murabbiy bo‘lganingdan keyin, o‘zing ishtirok eta olmagan va maydonda boshqalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar uchun javob berishni boshlaysan. Ular aybsiz qolib, faqat seni ayblashlari undan ham achinarli. Murabbiylikning boshidan oxirigacha bo‘lgan yo‘lagini zahmat va ba'zan adolatsizlik egallab olgan, yaxshi futbolchilarga maslahatim - bu sohaga ko‘p ham intilavermanglar, futbolni chetdan kuzatib turish maydonda to‘p tepishdan butkul farq qiladi!"
Siyosiy olamda-da omadi chopmagan ukrainalik yulduz o‘z soddaligiga bordi. Terma jamoaga xaloskor lozim bo‘lgan chog‘da, jiddiy tajribaga ega bo‘lmay turib, shu ishga rozi bo‘lib yubordi. Yevropa chempionatidan bitta gol ham ura olmay qaytgan yurt futbolini bir o‘zi yelkasida ko‘tarmoqchi bo‘lyapti, tavba! Futbolchilikda orttirgan nomi bilan hech qanday ish qilib bo‘lmaydigan, faqat aqliy salohiyati hisobiga yashab qolishi mumkin bo‘lgan sohaga qo‘l urib qo‘yganini bilarmikan-a?!
Millat bu pallalarda umuman Shevchenkoni kutmayotgan edi. Chet eldan taniqliroq bir murabbiy yoki hech qursa, terma jamoaga bir paytlari jalb etilgan, 4ta o‘yindan 3tasida g‘alaba qozongan va bittasida gollandlar bilan durang qayd etgan - o‘sha paytda Niderlandiya vitse-chempion tariqasida harakat qilganini unutmang - va bugungi kunda "Dnepr"ni bir chiroyli jamoa qilib qo‘ygan Miron Markevich degan inson keladi, deb o‘ylagan edi hamma. Biroq, dabdurustdan shu qaror...
Shevchenkoning hozirgi rasmlariga qarab ham, hali nigohidagi "go‘dakligi" yo‘qolmaganini ko‘raman. Nutqini ham eshitib ko‘rdim. Murabbiylikka aloqador bironta belgi topa olmaganimdan, uning bu sohadagi kelajagini tasavvur qilishdan-da ojiz qoldim. "Bir narsa qilarman, balki o‘xshab ketar..." degan fikr bilan kelmagandir, deb o‘yladimu, ammo boshqa tuzukroq vaj topa olmaganimdan, yana battarroq qiynala boshladim.
Bitta sabab topgandekman ammo: Ukraina siyosiy olamda eng birinchi dushmani bo‘lgan Rossiyaga bormaslik uchun qilgan shu ishni! Ha, Sheva tabiiy yo‘l bilan terma jamoani ushbu musobaqadan olib qolishni eplaydi. Unda bu ishga barcha imkoniyat va "salohiyat" yetarli...
Xayrulla Hamidov
«Chempion» gazetasidan olindi.