Manba: MTS avgust oyi oxirigacha O‘zbekistondan ketishi mumkin
Rossiyaning MTS kompaniyasi avgust oxirigacha O‘zbekistonda tashkil qilingan Universal Mobile Systems (UMS) qo‘shma korxonasi tarkibidan chiqadi. Bu haqda vaziyatga aloqador manbasiga asoslangan holda RIA Novosti agentligi xabar berdi.
"Bu masala bo‘yicha tomonlar orasida hal qiluvchi qaror qabul qilingan. Yaqin vaqtlar ichida, avgust oyining oxiriga qadar MTS sarmoyadorlar safidan chiqishi mumkin", — degan manba. Shu bilan birga u batafsil ma'lumot berishni istamagan.
Shuningdek, UMS kompaniyasi va O‘zbektelekom vakillaridan ushbu xabar yuzasidan izoh olishning iloji bo‘lmagan.
«Interfaks» ma'lumotiga ko‘ra, UMS kompaniyasining rossiyalik xodimlari (bosh direktordan tashqari) allaqachon O‘zbekistonni tark etishgan. UMS aktivlari “Uzmobayl” kompaniyasiga o‘tish ehtimoli katta ekani aytilmoqda.
Universal Mobile Systems 2014 yilning 1 dekabridan uyali aloqa tarmog‘ini tijoriy foydalanishga topshirdi. 2014 yilning iyul oyida O‘zbekiston va MTS («Mobilnyye Telesistemy») o‘rtasida hamkorlik shartnomasi tuzilgan edi. O‘shanda tomonlar qo‘shma korxona tuzish haqida kelishib olishgandi. Kelishuvga ko‘ra, korxona sarmoyasining 50,01 foizi MTSga, 49,99 foizi «O‘zbektelekom» AJga tegishli bo‘lib, uyali aloqa operatori 2G/3G/LTE litsenziyalar, kerakli chastotalar, nomerlar hajmi, aloqa kanallari ijarasi bilan ta'minlandi. Tarmoqning boshlang‘ich hajmi 2,5 million abonent raqami deb belgilandi.
Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, UMS abonentlari bazasi 1,287 million kishini tashkil qildi.
E'lon qilingan moliyaviy natijalarga ko‘ra, UMS 2016 yil birinchi choragida ko‘rgan foyda o‘tgan chorakka nisbatan 3,5 foizga ko‘payib, 85,241 milliard so‘mni tashkil etdi (2,2 mlrd rubl). Bu MTS guruhining umumiy daromadida 2 foizlik ulush demakdir.