O‘zbekiston | 09:43 / 04.08.2016
5676
2 daqiqa o‘qiladi

Nukus temir yo‘l vokzalida 5,5 milliard so‘mlik rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi

Foto: O‘zA

Mustaqillik yillarida Nukus shahrida barpo etilgan muhtasham va salobatli binolar, madaniy-maishiy va sanoat inshootlari, zamonaviy me'moriy andozalardagi ko‘p qavatli turar joylar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Ana shunday muhim inshootlardan biri – Nukus temir yo‘l vokzalida 5,5 milliard so‘mlik rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, foydalanishga topshirildi.

Zamonaviy me'moriy andozalarga mos tarzda qayta bunyod etilgan vokzal binosida bir vaqtning o‘zida 400 yo‘lovchiga, bir kecha-kunduzda esa 1 ming 800 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Yo‘lovchilarni kutib olish va kuzatib qo‘yish uchun 6 yo‘lak barcha qulaylikka ega bo‘ldi.

Yo‘lovchilar uchun VIP kutish zallari, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, mehmonxona tipidagi dam olish xonalari, savdo shoxobchalari qurildi. Poyezdlar yo‘nalishi va qatnovi to‘g‘risida axborot beradigan elektron ma'lumotlar tablosi o‘rnatildi. 1,4 gektar maydonni egallagan vokzal hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borildi. Gulga burkangan yam-yashil xiyobon o‘rtasida zamonaviy favvora qurilib, yo‘lovchilarning hordiq chiqarishlari uchun qulaylik yaratildi. 550 metrlik ikki perronga zamonaviy plitalar to‘shaldi.