Jahon | 23:29 / 04.08.2016
15525
3 daqiqa o‘qiladi

OAVda isyonchilar Erdo‘g‘anning samolyotini nega urib tushirmagani ma'lum qilindi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an samolyoti 15 iyulda davlat to‘ntaruviga urinish vaqtida uni nishonda ushlab turgan F-16 qiruvchi samolyotlarida yonilg‘i tugayotgani va uchuvchilar qayta yonilg‘i quyishga ketgani sababli urib tushirilmagan.  

Bu haqda Yeni Safak hukumat gazetasi manbalariga iqtibos keltirgan holda Hurriyet nashri xabar bermoqda. 

Erdo‘g‘an to‘ntaruv boshlangandan keyin CNN Turk telekanali efirida o‘z tarafdorlarini ko‘chalarga chiqishga chaqirgandan keyin, Marmaris shahridan Dalamanga jo‘nagan va u yerdan o‘z samolyotida Istanbuldagi Otaturk aeroportiga uchib ketgan. 

Erdo‘g‘anning parvoziga tayyorgarlik qattiq sir tutilgan. Har qanday samolyot yoki vertolyotga qo‘nishga xalaqit berish uchun barcha yorug‘lik indikatorlari o‘chirilgan bo‘lgan. Bu orada mamlakat hukumatiga sodiq bo‘lgan uchuvchilar davlat to‘ntaruvi tarafdorlari xabar topmasligi uchun samolyot, uning maqomi va parvoz haqida hech qanday ma'lumot berishmagan.     

Shunga qaramay, Erdo‘g‘an samolyoti uchib o‘tgan hudud yaqinidagi hududni isyonchilarning F-16  samolyoti kuzatishni boshlaganidan xabardor bo‘lgach, Istanbulga yo‘nalishni o‘zgartirgan. Prezident samolyoti ehtiyot chorasi sifatida yarim soatcha aylanalar bo‘ylab uchib yurgan, so‘ngra Istanbul aeroportiga yo‘l olgan.   

Ta'kidlanishicha, davlat to‘ntaruvi tarafdorlari Erdo‘g‘an samolyotini Istanbul ustida Bosfor ko‘rfazi yonida aniqlashgan. Yeni Safak fikricha, bu samolyotlar aynan o‘shanda Erdo‘g‘an samolyoti tomon yo‘nalgan, biroq prezident samolyotiga hujum qila oladigan masofaga yaqinlashganda ularning yonilg‘isi tugab qolgan va shuning uchun ular ortga qaytgan.  

Avvalroq Reuters axborot agentligi davlat to‘ntaruviga urinishni qo‘llab-quvvatlagan ikkita F-16 samolyoti uchuvchilari Erdo‘g‘an samolyotini va unga hamrohlik qilgan ikkita F-16 samolyotini nishonda ushlab turgani, biroq oqibatda hujum qilmaganlarini ma'lum qilgandi.