Jahon | 08:38 / 05.08.2016
4897
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh F-16 samolyotlarini Hindistonda ishlab chiqarmoqchi

AQShning Lockheed Martin kompaniyasi F-16 samolyotlari ishlab chiqaruvchi bo‘limini Texasdan Hindistonga ko‘chirishni o‘ylamoqda, deb xabar bermoqda kompaniya vakiliga iqtibos keltirgan holda hind OAVlari.

Aprelda Economic Times nashri AQSh F16 Super Viper va F/A 18 Super Hornet qiruvchi samolyotlarini tegishli texnologiyalar ko‘chirilgandan keyin Hindistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni taklif qilganini ma'lum qilgandi.

"Eng zamonaviy F-16 samolyotini Hindistonda ishlab chiqarishni taklif qilmoqdamiz. Biz Hindiston F-16’ning barcha bo‘lg‘usi variantlarini yagona ishlab chiqaruvchisi bo‘lishini istamoqdamiz. Biz avval hech kimga bunday taklif bildirmaganmiz", deb korporatsiya prezidenti Jorj Stendrijning aytgan so‘zlarini keltirib o‘tgan nashr.

Stendrij korporatsiya qo‘shma korxona yaratishga intilayotgani va bu korxonaning asosiy egasi hind kompaniyasi bo‘lishini ta'kidlab o‘tgan, biroq gap Hindistondagi qaysi mudofaa korxonasi haqida ketayotganini ma'lum qilmagan. Stendrijning aytishicha, Hindistonga shuningdek 5-7 yil ichida kamida 100 ta samolyot eksport qilinishi mumkin.

Hindustan Times nashrining ma'lum qilishicha, korporatsiya vakillari Hindiston hukumati va ishlab chiqaruvchilar bilan bir nechta muzokaralar o‘tkazgan. "Muayyan manfaatdorlik bo‘ldi, bizga jo‘nashni aytishmadi", deb kompaniyaning Hindistondagi vakilining so‘zlarini keltirib o‘tgan nashr. Yangi taklifga ko‘ra, ishlab chiqarilgan samolyotlar boshqa davlatlarga AQShdan emas, balki aynan Hindistonning o‘zidan eksport qilinishi mumkin.