APLda eng ko‘p darvoza ustun va to‘sinlarini nishonga olgan 10 futbolchi
Angliya chempionati boshlanishiga oz qoldi. 14 avgustdan millionlab muxlislar intizor bo‘lib kutayotgan o‘yinlar boshlanadi. Yangi mavsum boshlanishi oldidan har xil statistik ma'lumotlar berib boriladi. Sabr tugab boryapti, axir. Shu uchun hech bo‘lmasa xotiralar bilan chalg‘ib turish kerak.
Britaniyanig Talk Sport nashri 2006/2007 yildan to o‘tgan mavsumgacha qaysi futbolchining darvoza to‘sini va ustunlarini eng ko‘p nishonga olganini hisoblab chiqdi.
10. Serxio Aguero premer ligadagi olti mavsumda 16 marta darvoza to‘sini va ustunini nishonga olgan.
10. Garet Beyl Aguerodan kamroq APLda harakat qilgan bo‘lsa ham, darvoza temirlarini 16 marta cho‘tlab ulgurgan.
9. Anelka. «Chelsi»da APL to‘purari bo‘lgan Nikolya Anelka 17 marta «karkas»ni nishonga olgan.
8. Jyermeyn Defo. «Tottenhem»da uzoq vaqt o‘ynagan Defo MLSga sayohat qilib, yana Angliyaga qaytdi. «Sanderlend»ning APLda jon saqlashiga katta hissa qo‘shgan hujumchi 2006 yildan buyon 18 marta to‘sin va ustunlarga to‘p tekkizgan.
6. Piter Krauch. Oxirgi mavsumni «Stok»da o‘tkazgan Krauchning 2006 yildan buyon 20 ta zarbasi gol bo‘lishiga darvoza chegaralari qarshilik qilgan.
6. Styuart Dauningda ham shunday ko‘rsatkich. Ta'kidlash joiz, Dauning «Midlsbro»ning APLga chiqishi uchun katta xizmat qildi.
5. Fernando Torres. Torres «Liverpul» va «Chelsi» safida 21 marta darvozani titratgan.
3. Stiven Jyerrard 2006 yildan keyingi mavsumlarda 26 marta to‘pni shtangaga tepgan.
3. Luis Suares bu borada «Liverpul» afsonasi bilan bir xil ko‘rsatkich ko‘rsatgan. Uning APLda boshqalardan kamroq o‘ynaganini ham inobatga olish kerak.
2. Ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasida Ueyn Runi turibdi. U 27 marta to‘sin va ustunlarni nishonga olgan.
1. Robin van Persi shunchalik ko‘p marta golga yaqin kelganki... 2006 yildan keyingi mavsumda Robin 44 maarta to‘sinlarni xafa qilgan.