Jahon | 14:54 / 05.08.2016
8624
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Putinga maktub yo‘llashi sababiga oydinlik kiritdi

Foto: AP

Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning bayonot berishicha, mintaqada har biri o‘ziga xos yetakchi o‘ringa ega Rossiya va Turkiya munosabatlari katta ahamiyat kasb etadi. 

"Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarda samolyot bilan bog‘liq istalmagan hodisa bo‘lib o‘tdi va uning salbiy oqibatlari 8 oy davom etdi. So‘ngra, biz bunga barham berishni so‘rab, maktub yo‘lladik. Chunki, Rossiya va Turkiya munosabatlari mintaqa uchun juda katta ahamiyatga ega. Shu boisdan ham, mintaqaning ikki yetakchi davlati aloqalarida uzilish bo‘lishi, bir-biridan uzoqlashishi noto‘g‘ri. Muammoni hal qilish lozim edi. Bundan tashqari, biz bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan afsusda ekanimizni bildirdik va ijobiy javob oldik", — degan Turkiya yetakchisi TRT telekanaliga bergan intervyusida. 

9 avgust kuni Vladimir Putin bilan Sankt-Peterburgda uchrashuvi bo‘lishini yodga olgan Erdo‘g‘an rasmiy Anqaraning tashqi siyosati: "birini qo‘yib, ikkinchisini do‘st tut" qabilida bo‘lmasligi lozimligini uqdirgan.