Jahon | 22:54 / 05.08.2016
5268
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston va Turkiya savdo hajmini 10 mlrd dollargacha yetkazmoqchi va terrorchilikka qarshi sa'y-harakatlarni birlashtirmoqchi

Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasidagi savdo hajmini 10 mlrd dollargacha yetkazish rejalashtirilmoqda, deb ma'lum qildi Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvdan keyin. 

Nazarboyev Erdo‘g‘an bilan muzokaralar natijalariga bag‘ishlangan qo‘shma matbuot-anjumanida o‘tgan yili qabul qilingan "Yangi sinergiya" qo‘shma iqtisodiy dasturining muhimligini ta'kidlab o‘tdi.  

"Bizning vazifa o‘zaro tovar aylanmasi hajmini 10 mlrd dollagacha yetkazishdan iborat. Dastur doirasida umumiy qiymati 813 mln dollarlik 20 ta investitsion loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Turkiya rivojlangan infratuzilmaga ega bo‘lgan muhim tranzit davlati ekanligini hisobga olib, men birodar turk xalqini "Nurli Jol" dasturini amalga oshirishda ishtirok etishga taklif qildim", deb aytdi Nazarboyev.

Nazarboyev shuningdek Qozog‘iston-Turkiya industrial hududlarini yaratish muhim rol o‘ynashini ta'kidlab o‘tdi.

Qozog‘iston va Turkiya shuningdek terrorchilikka qarshi birgalikda kurashishga kelishib oldilar. 

"Global chaqiriqlar va tahdidlar o‘sayotgan hozirgi vaqtda Qozog‘iston va Turkiya dunyo xavfsizligi va barqaroligini ta'minlash uchun sa'y-harakatlarni birlashtirishga tayyorlar. Shu munosabat bilan biz 21-asrning bosh og‘rig‘i bo‘lgan terrorchilikka zarba berishga kelishib oldik. Shuningdek, davlatlarimizning harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorligi izchil rivojlanmoqda", deb aytdi Nazarboyev.