Jahon | 16:01 / 05.08.2016
11380
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: AQShning Turkiyaga nisbatan siyosati uning Rossiya bilan yaqinlashishiga olib kelmoqda

Avgust oyining birinchi o‘n kunligida Sankt-Peterburgda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu, Anqaraning Moskva tomon burilishini anglatadi, deya fikr yuritadi Foreign Policy jurnali.

Ikki mamlakatning qayta yaqinlashishiga sabablar ko‘p. Biroq, asosiy sabab Suriya prezidenti Bashar Asad pozitsiyasining tiklanishidir, deb hisoblaydi maqola muallifi. Avvalroq, u Rossiya-Turkiya munosabatlari yaxshilanishiga to‘siq bo‘lib turgan bo‘lsa, o‘tgan yilning noyabr oyidagi bombardimonchi samolyot bilan bog‘liq hodisadan so‘ng, shundog‘am havas qilarlik bo‘lmagan aloqalar yanada taranglashdi. 

So‘nggi vaqtlarda, Suriyadagi vaziyat tubdan o‘zgarib, Rossiya-Eron yurishi Turkiyani shimoldan to‘sib qo‘ydi, deb yozadi jurnal. Endilikda esa, Halabdagi muvaffaqiyatli amaliyotlar sabab, Asad o‘z hokimiyatini mustahkamlab borayotganini Erdo‘g‘an ham inkor eta olmaydi. 

Shunga ko‘ra, Asad muammosini bir chetga surib qo‘ygan Erdo‘g‘an, Rossiya bilan munosabatlarni boshi berk ko‘chadan olib chiqishga urinib, o‘zi uchun muhim bo‘lgan sohalarda Rossiyaning qo‘llab-quvvatlashiga erishishga harakat qiladi. Masalan, u Kurdiston ishchi partiyasi hamda bir paytlar o‘ziga yaqin bo‘lgan «Demokratik ittifoq»ga barham berish niyatida. Buning uchun, ularni xalqaro hamjamiyat ko‘magidan mosuvo etish lozim. Ayniqsa, mintaqaning yirik kuchlari Rossiya va Eron tomonidan yordam ko‘rsatilsa, ayni muddao. 

Muallifga ko‘ra, Peterburgda bo‘lajak uchrashuvda ikki davlat rahbari o‘rtasida o‘ziga xos kelishuv bo‘lishi ehtimol: Rossiya Anqaraning bosh og‘rig‘iga sabab bo‘layotgan partiyalarni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechadi, bunga javoban Turkiya Asadning harakatlariga ko‘z yumadi. 

Turkiyadagi harbiy davlat to‘ntarishiga urinish Anqarani tobora g‘arbdan uzoqlashtirib, Rossiyaga yaqinlashtirmoqda. Chunki, Putin Turkiyaning tozalashlariga qarshilik ko‘rsatgan va Anqaraning NATOdagi a'zoligi bilan tahdid qilgan Amerika hukumatidan farqli ravishda Erdo‘g‘anning harakatlarini tanqid qilmadi. 

Endilikda, AQSh Turkiyani Rossiya bilan yaqinlashishdan ushlab turish uchun nafaqat IShID muammosini e'tiborga olishi, balki Turkiyaning Suriyadagi strategik manfaatlarini ham tushunib yetishi hamda Erdo‘g‘anni tanqid qilavermasligi lozim. 

Amerika hukumati, Turkiyaning demokratik yo‘l bilan saylangan hokimiyatini jahon afkor ommasi ko‘z o‘ngida qo‘llab-quvvatlashi, norasmiy muloqotlarda Turkiya yetakchisini tozalashlarda birmuncha bag‘rikeng bo‘lishga chaqirishi maqsadga muvofiq. G‘arbning bugungi kunda Turkiyaga nisbatan ilgari surayotgan nuqtai-nazari, uni nafaqat NATOdagi asosiy ittifoqchisidan mahrum etishi, balki Anqarani Rossiya quchog‘iga qo‘shqo‘llab topshirishi ham ehtimoldan xoli emas.