Fan-texnika | 08:57 / 05.08.2016
4650
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung kompaniyasi Fiat Chrysler’ning bir qismini sotib olishga yaqin turibdi 

Foto: fortune.com

Samsung Electronics korporatsiyasi Fiat Chrysler Automobiles (FCA) Italiya-AQSh avtokonsernining avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi bo‘limini sotib olishga yaqin turibdi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga iqtibos keltirgan holda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda. 

Manbalar ma'lumotlariga ko‘ra, Samsung kompaniyasi Magneti Marelli kompaniyasini butunlay yoki uning yorug‘lik uskunalari, axborot-ko‘ngilochar tizimlari va telematik yechimlarini ishlab chiqaruvchi bo‘limlarini sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Kompaniyalar o‘rtasida muzokaralar yakuniy bosqichda turibdi.

Manbalardan biri bitimni yil oxirigacha yopish rejalashtirilayotganini ma'lum qildi. Gap 3 mlrd dollardan  ko‘proq qiymatdagi bitim haqida ketmoqda. Shu tariqa Samsung o‘z tarixida eng katta xorijiy aktivni sotib olishi mumkin. 

Agentlikning ta'kidlashicha, Magneti Marelli va Samsung 2009 yildan hamkorlik qilishni boshlagan. O‘shanda kompaniyalar avtomobillar multimedia va navigatsion tizimlari uchun displeylar yaratish bilan shug‘ullana boshlashgan.

FCA’ning avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi biznesi Magneti Marelli kompaniyasidan tashqari, o‘z ichiga Comau va Teksid kompaniyalarini oladi. Kompaniyaning bu biznesi 2016 yil 2-choragi yakunlariga ko‘ra 2,43 mlrd yevrolik tushum va 111 mln yevrolik daromad keltirgan.

Bloomberg’ning Magneti Marelli sotilishi mumkinligi haqidagi xabaridan keyin FCA aksiyalari 9 foizga qimmatlab ketdi.