UMS ta'sischilari tarkibidagi o‘zgarish operator faoliyatiga ta'sir ko‘rsatmaydi
Universal Mobile Systems (UMS) qo‘shma korxonasi ta'sischilari qarori mobil operator faoliyatiga ta'sir ko‘rsatmaydi.
Biroz oldinroq O‘zbekiston respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi "Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi" DUK Rossiyaning MTS telekommunikatsion operatoridan UMS ustav kapitalidagi 50,01 foizini realizatsiya qilgani haqida ma'lum bo‘ldi.
"Universal Mobile Systems" Mas'uliyati cheklangan jamiyati o‘z faoliyatini 2029 yil yakunigacha berilgan uyali aloqa xizmatlarini ko‘rsatish litsenziyasi asosida olib bormoqda.
Kompaniya mobil operatorning barcha xizmat va servislarini ko‘rsatmoqda, yangi abonentlarni ulash va amaldagi mijozlarga xizmat ko‘rsatish ishlarini amalga oshirmoqda.
Salmoqli salohiyatga ega UMS uzoq muddatli rivojlanish rejalarini barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tatbiq etishni davom ettiradi va o‘z mijozlarining ehtiyojlarini qondirishga alohida e'tibor qaratadi", deyilgan kompaniya saytidagi xabarda.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabarida ham ta'sischilar tarkibidagi o‘zgarishlar UMS faoliyatiga, uning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasiga hamda mijozlariga ta'sir qilmasligi tasdiqlangan.
«Universal Mobile Systems unga taqdim etilgan litsenziya asosida mobil aloqa bozorida mustaqil operator sifatida faoliyatini olib boradi va abonentlarga xizmat ko‘rsatishni davom ettiradi», — ta'kidlanadi xabarda.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, «MTS» o‘z ulushini ixtiyoriy ravishda sotish masalasida murojaat qilgan hamda O‘zbekiston tomoniga nisbatan biror e'tirozi mavjud emasligini ta'kidlagan.
Muzokaralar natijasi va imzolangan ikki tomonlama shartnomadan so‘ng «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» UMS mobil aloqa operatorining yagona ta'sischisiga aylandi.
UMS 2014 yilning 1 dekabrida O‘zbekiston hududida mobil aloqa tarmog‘i tijoriy ekspluatatsiyasini yo‘lga qo‘ygan edi. 2016 yil boshidagi holatga ko‘ra kompaniya abonentlari soni 1,095 million foydalanuvchini tashkil etdi.