Jahon | 23:56 / 07.08.2016
10780
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda 13 yoshli o‘smir qo‘shnisinikiga o‘g‘rilikka tushish vaqtida 3 bolani o‘ldirdi

Xitoyning Guansi-Chjuan avtonom tumanida 13 yoshli o‘smir qo‘shnisining uyini tunash vaqtida uning 4 yoshdan 8 yoshgacha bo‘lgan 3 bolasini o‘ldirdi, deb xabar bermoqda South China Morning Post gazetasi.

Beijing News gazetasi ma'lumotlariga ko‘ra, fojia 18 iyulda Shitsyao qishlog‘ida yuz bergan. O‘smir qo‘shnisi yo‘q bo‘lganda uning uyiga kirgan. O‘smir uyda qolgan uch bola – 4 va 8 yoshdagi ikki qiz va 7 yoshdagi bir bolani ko‘chaga olib chiqib, ulardan ota-onalari uyda qayerda pul saqlashlarini aytishni talab qilib, ularga tahdid qila boshlagan. Bolalar qo‘rqib ketib, yig‘lay boshlashgan. Bundan o‘smir sarosimaga tushib, bolalarni o‘ldirgan va ularning jasadini quduqqa yashirgan. 

Shundan keyin o‘smir velosipedda qo‘shni Guandun viloyatiga qochib ketgan. U bu yerda 25 iyulda politsiya tomonidan ushlangan. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, o‘smir o‘z aybini tan olgan. 

Nashrning ta'kidlashicha, o‘smir oilada 2-farzand hisoblanadi. Uni onasi tashlab ketgan. U 6-sinfdan maktabdan ketgan va Guandun viloyatidagi zavodda ishlab yurgan. Biroq u may oyida zavodda ishlashdan charchab, o‘z qishlog‘iga qaytib kelgan. 

Ma'lum qilinishicha, o‘smir 14 yoshdan kichik bo‘lgani sababli qilmishi uchun jinoiy javobgarlikka tortilmagan. Xitoy qonunlariga ko‘ra, jinoiy javobgarlik 14 yoshdan boshlanadi. 2 avgustda o‘smir Nannin shahriga 3 yillik majburiy qayta tarbiyalanishga yuborilgan.