Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oksana Chusovitina: “Riodagi Olimpiada mening faoliyatimda eng oxirgisi deya olmayman”.
O‘zbekistonlik gimnastika ustasi Oksana Chusovitina jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda 2020 yilda Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan o‘zining sakkizinchi Olimpiadasida ishtirok etishi ehtimoldan xoli emasligini aytdi.
“Riodagi Olimpiada mening faoliyatimda oxirgisi, deya olmayman, - deya ta'kidladi 41 yoshli Chusovitina. – Londonda bo‘lib o‘tgan 2012 yilgi Olimpiya o‘yinlaridan keyin men sportdan ketishim haqida aytgandim. Keyin esa qaytdim, yana qaytgim kelib qolsa-chi?! Men shu paytgacha hamma qatori mashq qilib, musobaqalarda haqqoniy baho olib kelyapman”.
“2016 yilgi O‘yinlar mening sport faoliyatimdagi yettinchi Olimpiadam hisoblanadi. Shuni aytishim mumkinki, men bugun musobaqalardan oldin 1992 yilgi Barselonada bo‘lib o‘tgan ilk musobaqamdan ko‘ra ko‘proq hayajonlandim. U paytlar meni yosh qiz sifatida umuman boshqa hissiyotlar qamrab olgandi”.
“Sport ishqibozlari meni juda yaxshi kutib olishmoqda, bu yoqimli, albatta, - deya tan oladi Chusovitina. – Ular Internetda men haqimda o‘qib, meni ko‘rishga kelishibdi. Ularni yuzini yerga qaratgim kelmadi, shu bois chin dildan harakat qildim. Menga ishonadigan kishilar bor va aksincha – qarib qolganimni aytib, musobaqalarda yetarlicha ishtirok etib bo‘lganimni ta'kidlaydiganlar bor. Bularning bari meni yanada ruhlantiradi”.
Yurtimiz faxri bo‘lgan gimnastikachimiz asosan tayanchli sakrashga umidini bog‘layapti. Birinchi saralash musobaqalaridan keyin u oraliq ikkinchi o‘rinni egallamoqda. Eng kuchli sakkiz nafar gimnastikachi final musobaqalariga chiqadi.
“O‘ylashimcha, tayanchli sakrash orqali qo‘lga kiritgan ballarim menga finalda ishtirok etish huquqini beradi. Finalda haqiqiy kurashga kirishaman. Bugun esa mukammal sakrash shart emasdi. Asosiy musobaqalar hali oldinda”, - deya ta'kidladi Chusovitina.
Oksana Chusovitina bundan oldin ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularida 2016 yilgi Olimpiada o‘yinlaridan keyin sportdagi faoliyatini yakunlashi haqida ma'lum qilgandi. U Olimpiada o‘yinlarida yetti marta ishtirok etgan yagona sportchi hisoblanadi.