Panasonic Nissan’ning akkumulyator biznesini sotib olmoqchi
Yapon OAVga Nissan Motor avtokonserni akkumulyator biznesidan voz kechmoqchi ekanligi ma'lum bo‘ldi. Bu biznesni sotib olishga Panasonic kompaniyasi da'vogarlik qilmoqda.
Nikkei nashrining yozishicha, Nissan kompaniyasi Automotive Energy Supply (AES; NEC kompaniyasi bilan qo‘shma korxonasi) kompaniyasidagi 51 foizlik ulushini sotib yubormoqchi.
Gap shundaki, yapon avtogiganti Leaf elektrokari uchun batareyalarni chetki kompaniyalardan sotib olish uni o‘zi ishlab chiqarishdan foydaliroq degan xulosaga kelgan.
Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Nissan’ning akkumulyator biznesini sotib olish bo‘yicha muzokaralar Panasonic va bir nechta xorijiy, jumladan Xitoy kompaniyalari bilan olib borilmoqda.
Kompaniyada ma'lum qilingan axborot mish-mish ekanligi va Nissan’ning biror-bir bayonotiga asoslanmagani ma'lum qilindi. Panasonic va NEC’da ham ushbu holat yuzasidan izoh berilmadi.
Reuters axborot agentligining ta'kidlashicha, Renault-Nissan avtomobilsozlik alyansi ommaviy mashinalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan elektromobillarga eng ko‘proq umid bog‘lagan. 2009 yilda kompaniyalar elektrokarlar yaratishga 4 mlrd yevro investitsiya qilish va har yili ular uchun 500 ming akkumulyator ishlab chiqarishga kelishib olgandi. Biroq Renault va Nissan elektrokarlari yaxshi sotilmagan. Bunga Nissan va NEC batareyalar narxini ommaviy ishlab chiqarish hisobiga arzonlashtira olmagani sabab qilib ko‘rsatilgan.