Light | 17:55 / 08.08.2016
6000
2 daqiqa o‘qiladi

Peterburglik sportchi Rio Olimpiadasigacha piyoda keldi

Sportcha yurish bo‘yicha xalqaro toifali sport ustasi Sergey Lukyanov 2015 yilning 1 aprelida Sankt-Peterburgdan dunyo bo‘ylab piyoda sayohatga yo‘l oldi va 2016 yilning 7 avgustida Rio-de-Janeyroga yetib keldi. Buning uchun unga 496 kun kerak bo‘ldi, sportchi 18 272 kilometr piyoda yurib kelgan.

Dunyo bo‘ylab sayohat rasmiy guruhida ma'lum qilinishicha, Lukyanov ortiqcha yuklarsiz, chodirsiz va qishki kiyimlarsiz kuniga o‘rtacha 50-60 kilometr yo‘l yuradi. O‘tgan vaqt ichida u Rossiya, Xitoy, Vetnam, Laos, Tailand, Malayziya, Singapur mamlakatlarini kesib o‘tgan. Singapur orqali Chiliga uchib, Olimpiya o‘yinlari poytaxti tomon harakatlangan. 

Dunyo bo‘ylab sayohat qilish - Lukyanovning bolalikdagi orzusi: dastlab buning iloji yo‘q deb o‘ylab, bunday safarga chiqishga haddi sig‘magandi. Sayyohga ko‘zlangan yo‘lni bosib o‘tishga ko‘ngillilar yordam berishmoqda: ular Lukyanovga chipta yoki viza olish uchun moliyaviy ko‘mak berib, uni kutib olishadi, ovqatlantirishadi va lozim bo‘lsa, isitishadi.

Lukyanov ko‘p joylarda bo‘lishga ulgurgan bo‘lsa-da, uning fikricha, Sankt-Peterburgdagi Saroy maydoni - dunyodagi eng chiroyli joy, shu bois u o‘zining yo‘nalishini aynan o‘sha yerdan boshlagan. "Dunyo bo‘ylab piyoda" guruhida aytilishicha, sayyoh o‘z safarini 2017 yilning 1 aprelida soat 12:00da Saroy maydonida yakunlashni rejalashtirmoqda (2015 yilning 1 aprelida aynan shu yerdan sayohatini boshlagan). 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish