Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Riodagi Olimpiadada Xitoyning noto‘g‘ri bayroqlari osilmoqda
Rio-de-Janeyrodagi Olimpiada tashkilotchilari sportchilarni taqdirlash marosimida Xitoyning noto‘g‘ri bayroqlarini osishdi. Shunday bayroqlardan biri 8 avgustda pnevmatik miltiq va to‘pponchadan o‘q otish musobaqalari sovrindorlarini taqdirlash vaqtida osildi, deb xabar bermoqda The Independent nashri.
Xitoy bayrog‘ining asli o‘zidan qizil matoda chap yuqori burchakda 5 ta yulduz tasvirini aks ettiradi: tasvirda 4 ta kichikroq yulduz bitta katta yulduz atrofida yarim aylana shaklida joylashgan va har bir yuluzchaning uchi katta yulduzga qaragan holda bo‘ladi. Katta yulduz Xitoy Kompartiyasini, kichik yulduzchalar esa Xitoy xalqini bildiradi. Olimpiadadagi noto‘g‘ri bayroqlarda esa kichik yulduzlar shunchaki vertikal holatda tasvirlangan bo‘lgan.
O‘yinlar tashkilotchilarining xatosiga Xitoy markaziy televideniyesi (CCTV) e'tibor qaratdi va bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda ma'lum qildi.
Shanghaiist nashrining ta'kidlashicha, ushbu holat oshkor bo‘lgandan keyin, OAVda bu bayroqlar Xitoyda tayyorlangani haqida ma'lumot paydo bo‘lgan. Biroq Olimpiada tashkiliy qo‘mitasida bu gaplar inkor qilindi hamda bayroqlar Braziliyada ishlab chiqarilgani ma'lum qilindi. Shuningdek, bu bayroqlar tez fursatda to‘g‘risi bilan almashtirilishiga va'da berildi va xatolik uchun uzr so‘raldi, deb xabar bermoqda China.org.cn portali.
The Independent nashrining ma'lum qilishicha, o‘tgan haftada Avstraliyaning Channel 7 telekanali Olimpiada xabarlarini efirga uzatayotganda Xitoy bayrog‘ini adashtirib qo‘ygan. Telekanal medallar jadvalida Xitoy bayrog‘i o‘rniga Chili bayrog‘ini qo‘ygan. Teletomoshabinlardan biri bundan shunchalik achchiqlanganki, Change.org saytida bu xatolik uchun Xitoy xalqi oldidan uzr so‘ralishi talabi bilan petitsiya tashkil qilgan. Ayni vaqtga kelib bu arznoma deyarli 9 mingta imzo to‘plagan.
2012 yil London Olimpiadasidagi futbol uchrashuvidan oldin Shimoliy Koreya bayrog‘i Janubiy Koreya bayrog‘i bilan adashtirib qo‘yilgandi. Shundan keyin Kolumbiya terma jamoasi bilan o‘ynashi kerak bo‘lgan Shimoliy koreyalik ayol futbolchilar maydonga chiqishdan bosh tortishgan. Tashkilotchilar ulardan kechirim so‘rashgach, uchrashuv deyarli bir soatlik kechikish bilan boshlangan.