Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiya elchisi O‘zbekistondagi missiyasini yakunladi
2016 yilning 9 avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yaponiya favqulodda va muxtor elchisi Fumihiko Katoni u o‘z missiyasini yakunlayotgani munosabati bilan qabul qildi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida ikki tomon munosabatlarining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Turli shakllarda o‘tkazilib turuvchi muntazam O‘zbekiston-Yaponiya muloqoti ikki davlat uchun ham manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirishga imkon berishi qayd etildi.
2015 yil oktabr oyidagi Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening mamlakatimizga rasmiy tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar yakunlariga ko‘ra savdo-iqtisodiy, investitsion, texnologik va moliya sohalarida umumiy qiymati 8,5 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 21ta hujjat imzolandi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda madaniy-gumanitar jabhadagi aloqalarimiz muhim rol o‘ynaydi. Jumladan yaqinda Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatrida “Dram Tao” mashhur yapon ijodiy jamoasining konserti katta mufaqqaqiyat bilan o‘tkazildi, shuningdek ikki davlat ilmiy, ta'lim muassasalari hamkorligi faollashmoqda.
Suhbat yakunida vazir elchini unga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Faxriy doktori darajasi berilgani bilan tabrikladi hamda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli shaxsiy xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Fumihiko Kato, o‘z navbatida, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatidagi faoliyati davomidagi ko‘rsatilgan doimiy ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirdi.