Jahon | 16:46 / 09.08.2016
11170
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Putin bilan uchrashish uchun Sankt-Peterburgga keldi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Sankt-Peterburgga keldi. U bugun bu shaharda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazadi. Ikki siyosatchining uchrashuvi shahardagi Konstantin saroyi hududidagi grek mehmonxonasida bo‘lib o‘tadi.

Ikki prezident o‘rtasida dastlab tor doirada muzokaralar bo‘lib o‘tishi belgilangan. Muzokaralar chog‘ida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va uning turkiyalik hamkasbi Mavlut Chavusho‘g‘li, shuningdek Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov hamda Erdo‘g‘an ma'muriyati bosh kotibi o‘rinbosari Ibrohim Kalin ishtirok etadi.

Prezidentlarning uchrashuvidan so‘ng matbuot anjumani, undan keyin ikki tomon delegatsiyasi o‘rtasida kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkaziladi.

Qayd etish joiz, bu Erdo‘g‘anning Turkiyadagi davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng birinchi xorij safari bo‘ldi. Shu bilan birgalikda, bu Putin va Erdo‘g‘anning 2015 yilning noyabrida Rossiya qiruvchi samolyotining turk harbiylari urib tushirishi ortida Rossiya-Turkiya munosabatlari sovib ketganidan keyingi birinchi uchrashuvi hisoblanadi.

Uchrashuvlarda Turkiya va Rossiya prezidentlari "Rossiya samolyoti urib tushirilgach iqtisodiy munosabatlarda yuzaga kelgan inqiroz oqibatlari", energetika va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, turizm, shuningdek, Rossiyada Turkiya qurilish kompaniyalariga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni bekor qilish masalalarini ko‘rib chiqadi.

Bundan oldinroq rasmiy Anqara "Turk oqimi" gaz quvuri qurilishi bo‘yicha ishlarni tiklashga tayyorligi haqida ma'lum qilgandi.

17 iyul kuni ikki siyosatchi o‘rtasida telefon muloqoti o‘tkazilgandi. Muloqot vaqtida Putin Turkiyadagi isyonni qattiq qoralagan va rasmiy Moskva konstitutsiyaga zid harakatlarga qarshi ekanini qayd etgandi.

Rossiya va Turkiya munosabatlari 2015 yilning noyabrida Suriya osmonidagi Su-24 samolyoti urib tushirilgach sovuqlashgandi.

Putin bu hodisani "ortdan berilgan zarba" deya baholagandi.

Bu voqeadan 7 oy o‘tib, 2016 yilning iyunida Erdo‘g‘an bu ish uchun Putindan uzr so‘ragani ma'lum qilindi.