Jahon | 07:05 / 09.08.2016
4421
2 daqiqa o‘qiladi

Londondagi klublardan birida yirik yong‘in chiqdi

8 avgustda Londonning Grinvich tumanidagi tungi klubda yirik yong‘in chiqdi. O‘t o‘chirish xizmatiga soat 11.30 larda yong‘in haqida 40 dan ortiq xabar kelib tushgan.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari shaharning barcha burchaklaridan ko‘rinayotgan qora tutun haqida xabarlar berganlar. "Grinvichdagi 338-studiyada yirik yong‘in chiqqan. Umid qilamanki, hech kim jabrlanmagan", deb yozgan foydalanuvchilardan biri.

Yong‘inni o‘chirishda 15 ta o‘t o‘chirish mashinasi va 100 ga yaqin o‘t o‘chiruvchilar qatnashgan. Avariya-qutqaruv xizmatlari yong‘in chiqqan joydagi yo‘llarni to‘sib qo‘yishgan, haydovchilar xavf haqida ogohlantirilganlar. Binodan bir kishi olib chiqilgan. U kuyish jarohatlari olgan.

O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni bartaraf etishgan, biroq tutun hidi Grinvichga yaqin ko‘plab tumanlarda sezilib turgan. Yaqin atrofda yashovchi aholiga uylari oynalarini yopib qo‘yish tavsiya qilingan.

Avvalroq 5 avgustda Fransiyaning Ruan shahridagi barlardan birida ko‘p sonli qurbonlarga olib kelgan yirik yong‘in chiqqani ma'lum qilingandi. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, yong‘inga ofitsiantning e'tiborsizligi sabab bo‘lgan. U shamlari yoqilgan tortni olib chiqayotganda qoqilib yiqilib tushgan. Natijada shamlardagi olov pardalarga, keyin esa poliesterol materialidan ishlangan shipga o‘tgan. Kechadagi ba'zi mehmonlar poliesterol chiqaradigan zaharli gazdan, ba'zilari esa olovdan halok bo‘lganlar.