Sport | 11:13 / 09.08.2016
10987
2 daqiqa o‘qiladi

Maykl Felps: «Yefimovaning Olimpiadada ishtirok etishiga ruxsat berishgani meni ranjitdi»

19 karra olimpiya chempioni, amerikalik suzuvchi Maykl Felps Rio Olimpiadasida 100 m masofaga brass uslubida suzish bahslarida kumush medal sovrindori bo‘lgan rossiyalik sportchi Yuliya Yefimova haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Mening fikrimcha sport toza bo‘lishi kerak. U ikki marta doping-testdan o‘ta olmadi, lekin oxir-oqibat uning ishtirok etishiga ruxsat berishdi. Bu holat mening qalbimni larzaga soldi. Bu sport asoslariga zid. Bu esa meni ranjitadi», – degan Felps.

«Men kimdir bu vaziyatni nazorat qilishni o‘z zimmasiga olishini istayman», – deya Felpsdan iqtibos keltirgan Expressen nashri.

Eslatib o‘tamiz, finalda amerikalik Lilian King birinchi, rossiyalik Yefimova ikkinchi, yana bir amerikalik Ketrin Mayli uchinchi o‘rinni egalladi. Amerikalik sportchilar Rossiya vakilasini kumush medal bilan tabriklashmadi. Undan tashqari, start arafasida rossiyalik sportchi tribunalardagi muxlislarning hushtakbozliklariga yo‘liqdi.

Yefimova avvaliga doping mojarolari doirasida Olimpiadadan chetlatilgan, keyinroq apellyatsiya orqali CAS qaroriga qarshi ishni yutib chiqib, Rio-de-Janeyrodagi turnirda ishtirok etish uchun ruxsat olgandi.

Manba: Tribuna.uz

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish