Jahon | 07:40 / 09.08.2016
14111
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy koreyalik gimnastikachi Olimpiadada Janubiy koreyalik sportchi bilan selfiga tushgani uchun keskin jazolanishi mumkin

Rio-de-Janeyrodagi Olimpiadada ishtirok etayotgan Janubiy koreyalik gimnastikachi Li In Djun bilan selfiga tushgan Shimoliy koreyalik gimnastikachi Xon Jon Yun keskin jazolanishi mumkin, deb yozmoqda Daily Star.

Xon Jon Yun va Li In Djunning surati ommalashib ketdi va ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikka kamdan-kam uchraydigan namuna bo‘ldi. Biroq Yunning bu harakatlari Shimoliy Koreyada vatanga xiyonat sifatida baholanishi mumkin. Mamlakat qonunlariga ko‘ra, hukumatni to‘ntarish maqsadida fitna uyushtirish, davlatga xiyonat qilish va terrorchilik uchun qatl etishga ruxsat beriladi.

Nashrning ta'kidlashicha, oxirgi yillarda Shimoliy Koreyada ko‘pchilik odamlar turmalarga jo‘natilgan. U yerda mahbuslar 16 soatlab ishlashga majbur qilinadilar va turli qiynoqlarga solinadilar. Ularning ko‘pchiligi oziq-ovqat mahsulotlarini o‘g‘rilaganlari yoki yaqinlari mamlakat yetakchisi Kim Chen Inga hurmatsizlik qilganlari uchun shu tariqa jazolanadilar. Shuningdek, Shimoliy Koreyada Janubiy Koreya filmlari va pornografiya tomosha qilish, Injil o‘qish uchun o‘lim jazosi berilishi mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish