Avstraliyalik Feysbukdagi tuhmati uchun tovon puli to‘laydigan bo‘ldi
Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels sudi kasbi elektrik bo‘lgan Devid Skottga nisbatan hukm chiqardi. U, Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida tuhmat mazmuniga ega e'lonni yozgani uchun 150 ming Avstraliya dollari miqdorida tovon puli to‘laydigan bo‘ldi, deb yozmoqda Sydney Morning Herald. Skott o‘z xabarida 74 yoshli nafaqaxo‘r Kenet Rosni bachchabozlarga ko‘mak berishda ayblagan.
Gap shundaki, 2014-yili avstraliyalik elektrik Devid Skott Feysbukdagi sahifasida maktabning sobiq direktor o‘rinbosari, nafaqaxo‘r Kennet Rosga tuhmat qilib, uning Nambukka sohilbo‘yi shahridagi «Blue Dolphin» va «Nirvana Village» mehmonxonalari bachchabozlar qarorgohi ekanini iddao etgan.
Shundan so‘ng, Rosga tahdidli hamda jinsiy xizmatlar ko‘rsatishni talab qilib qo‘ng‘iroqlar bo‘la boshlagan. Foydalanuvchilar, bu xabarning naqadar asosli ekanini tekshirmasdan havola qilishda davom etgan. Hatto, Nambukkadagi mahalliy jinoyatlar haqida ma'lum qiluvchi «Nambucca Valley Crime Information» guruhida ham e'lon qilingan.
Bir necha bor hujumga uchragan nafaqaxo‘r 6 oy shifoxonada davolanib chiqishga ham majbur bo‘lgani yetmaganidek, boshqa joyga ko‘chishiga to‘g‘ri kelgan. U, Skottdan uzr so‘rashni va o‘z e'lonini rad etishni talab qilgan bo‘lsa-da, Skott bu talablarni rad etgan
Shtat sud'yasi qaroriga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqdagi xabar «hech qanday asossiz» ravishda e'lon qilingan va «mehmonxona egasiga jiddiy talofat yetkazgan»i bois, tuhmatchi ma'naviy zarar o‘rnini to‘ldirish maqsadida 150 ming Avstraliya dollari (115 ming AQSh dollariga yaqin) miqdorida tovon to‘lashi kerak.
Devid Skott o‘zining Feysbukdagi e'loniga izoh berishicha, u jamoatchilikni ota sifatida ehtimoliy tahdiddan ogohlantirmoqchi bo‘lgan.